Taʼmirlab boʻlmaydigan 5 ta Apple gadjeti
Appleʼga yaxshigina daromad keltiradigan gadjetlarning koʻplarini shunchaki tuzatib boʻlmaydi: bu xaridor uchun ogʻriqli, lekin kompaniya uchun pul topishning ayyorona usuli. Demak, quyida koʻz qorachigʻingizdek asrashingiz va buzmaslikka harakat qilishingiz kerak boʻlgan qurilmalar haqida maʼlum qilamiz.
Apple oʻz qurilmalarini qanchalik ishonchli va buzishga chidamli qilgani sari taʼmirlashni ham ilojsiz qilib qoʻymoqda. Bu gap yillar davomida funksiyasi deyarli oʻzgarmagan iPhoneʼga taalluqli emas: smartfondagi deyarli hamma narsani almashtirish mumkin.
Apple Pencilʼni taʼmirlab boʻladimi?
Apple Pencil batareyasi oʻlgach ishlamay qoladi va unga yangisini oʻrnatish haqida Googleʼdan maʼlumot izlashga urinmang — sizda faqatgina yangi Pencil sotib olish varianti bor xolos.
Gap shundaki, Apple Pencilʼning ajoyib dizaynga ega korpusini ochishning iloji yoʻq. Pencilʼni taʼmirlash uchun yagona yoʻl — ustki plastik qoplamani sindirish, ammo keyin uni qayta tiklab boʻlmaydi.
Apple klaviaturasi qanday sozlanadi?
Yuqorida aytib oʻtilganidek, Apple aksessuarlarini, xususan, barcha klaviaturalarini taʼmirlashning iloji yoʻq. Masalan, iPad uchun Smart Folio klaviaturasi tugmalarini changdan tozalash uchun olib tashlash mumkin xolos: boshqa har qanday “kovlashtirishning” oxiri voy boʻladi.
AirPodsʼni taʼmirlash
AirPods paydo boʻlganiga mana 7 yil boʻlgan boʻlsa, baʼzi kompaniyalar gadjet korpusini ehtiyotkorlik bilan olib tashlab batareyani almashtirish yoʻlini topdilar. Biroq, buni qilish juda qiyin va shundan keyin minigarnituraning ishlashi ham aniq emas.
AirPodsʼni qismlarga ajratish nihoyatda qiyin: zavodda terish paytida juda koʻp yelim qoʻllaniladi va naushnik ichidagi qismlar bir-biriga yaqin joylashganligi sababli ularni shikastlash juda oson.
Gadjetni ustamonlarcha ochib batareyani oʻrnatishning uddasidan chiqilganda ham, AirPods batareyalarining asli sotilmagani uchun analoglari ishlatiladi va bu qurilma ishlashiga kafolat bermaydi.
HomePod qanday tuzatiladi?
Apple aqlli dinamiklari har doim bir joyda turadigan statsionar qurilma boʻlib, faqat polga yiqilish yoki elektr quvvati oshishi tufayli kuyish xavfi mavjud.
Qurilma korpusida juda koʻp yelim ishlatilgani uchun uni ochish juda qiyin va uni shikastlamasdan qismlarga ajratish mutlaqo ilojsiz. Boshqa tomondan, bu HomePod chidamliligini oshirganligini koʻrsatadi.
Bu HomePod miniga ham tegishli. Gadjetning nafaqat korpusi, balki ichki qismlari ham astoydil yelimlangan. Yetmaganiga, HomePod kolonkasi tobora ixchamlashib bormoqda.
AirTag, iPad va magSafe Battery Pack’ni qismlarga ajratish mumkinmi?
Navbat Appleʼning eng mitti qurilmasi — AirTagʻga kelar ekan, u brendning eng muammoli gadjetlaridan biri hisoblanadi. Umuman olganda, uni taʼmirlash mumkinligini tasavvur qilish qiyin. AirTagʻni qismlarga ajratib boʻlmaydi: korpus kichik, ichiga suvdan himoya qilish uchun katta miqdordagi yelim ishlatilgan.
Xuddi shunday, magSafe Battery Packʼni ham qismlarga ajratib boʻlmaydi: agar tashqi batareya buzilgan boʻlsa va kafolat muddati tugagan boʻlsa, uni hech oʻylamay tashlab yuborishingiz mumkin.
Soʻnggi paytlarda iPadʼni ham taʼmirlash qiyinlashdi: vaqt oʻtishi bilan planshetlar yupqalashgani sababli, shisha va matritsa orasidagi havo boʻshligʻi yoʻqoldi. Oynani zarar yetkazmay olib tashlash qiyin. Qurilma ochilganida ham, aytaylik orqa korpusiga yetkazilgan istalgan zararni butunlay yoʻqotib boʻlmaydi.
Avvalroq Giglink.uz sayti, kun-u tun ishlaydigan va o‘chirish funksiyasi yo‘q 4 ta Apple gadjeti haqida muhim tavsiyalarni ulashgandi.