Endi VPN ham yordam bera olmaydi: iPhone foydalanuvchi manzilini aniq bilib turadi
Apple iOS 16 da foydalanuvchining joylashuviga qarab muayyan funksiyalarni cheklash uchun yangi yashirin tizimni qoʻshdi.
9to5mac maʼlumotlariga koʻra, yangi funksiya “countryd” deb ataladi va iOS 16.2 ga “sekingina” qoʻshib qoʻyilgan.
Apple odatda baʼzi geolokatsiyaga oid funksiyalarni bloklaydi, ammo, ular boshqa mintaqalarda ishlashda davom etadi. Foydalanuvchilar iPhoneʼda geolokatsiyasini berkita olmasligi uchun Apple smartfonning geolokatsiyasini aniqlashning yanada ishonchli usuli ustida ishlamoqda.
Mazkur yangilikni deyarli hech kim bilmagani ajablanarli emas, chunki operatsion tizim yopiq. iOS 16 da Countryd foydalanuvchi joylashgan davlatni aniq bilish uchun GPS yordamida geolokatsiyani, Wi-Fi router'dagi kodni va iPhoneʼga oʻrnatilgan SIM-karta maʼlumotlarini oʻqiydi.
Siz iPhone yoki iPadʼingizni dunyoning istalgan nuqtasida ishlatishingiz mumkin, biroq baʼzi iOS funksiyalari faqatgina maʼlum davlatlarda mavjud. Baʼzi hollarda bu cheklovlar mahalliy qonunlar bilan bogʻliq (masalan, FaceTime BAAda ishlamaydi).
9to5Mac tomonidan aniqlangan kod hukumat nazorat qiluvchi organlari tomonidan qoʻyilgan cheklovlarni oʻrnatish uchun moʻljallangan.
Xo‘sh, nima uchun Apple bu tizimni ishlab chiqmoqda?
Funksiyaning koʻrinishi esa mantiqiy asosga ega: haqiqiy joylashuvni kuzatish Apple boshqa manbalardan ilovalarni yuklab olishni nazorat qilish uchun zarur. Avvalroq Apple Yevropa Ittifoqi soʻrovi bilan iPhoneʼga App Storeʼdan tashqari manbalardan ham ilovalarni yuklash imkonini ochishi haqida xabar berilgandi. Agar bunday cheklov boʻlmasa, boshqa mamlakatlardan kelgan foydalanuvchilar shunchaki iPhoneʼda mintaqani oʻzgartiradilar va yevropaliklar bilan bir qatorda dasturlarni yuklab olishni boshlaydilar.
Gap shundaki, agar shunday boʻladigan boʻlsa, iOSʼning Androiddan farqi qolmaydi. Shu sababli Apple App Store analoglarini qatʼiy tekshirib tanlaydi. Buning sababi esa, foydalanuvchilar App Storeʼdan boshqa manbalardan ilovalarni yuklab oladigan boʻlsa, ilovalar doʻkonidagi xaridlar ham tashqariga chiqib ketadi va kompaniya pul yoʻqotishni boshlaydi!
Avvalroq Giglink.uz iOS 17 da paydo bo‘ladigan yangi o‘zgarish va funksiyalarni ma’lum qilgandi.