Samsung xodimlari uchun ChatGPTʼdan foydalanishni taqiqladi
Samsung Electronics kompaniyasi xodimlariga ichki kod tarqalib ketganidan keyin ChatGPT kabi generativ sunʼiy intellekt (AI) tizimlaridan ish paytida foydalanishni taqiqladi. Aks holda xodimlar ishdan bo‘shatiladi.
Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, aprel oyida kompaniya xodimlari tasodifan ichki manba kodini ChatGPTʼga yuklash orqali uni “sizib ketishiga” sabab boʻlishgan. Samsung ushbu platformalarga uzatilgan maʼlumotlar tashqi serverlarda saqlanishidan xavotirda, bu esa ularni topishni osonlashtiradi va oʻchirishni qiyinlashtiradi.
“Yangi qoidalar... generativ AI tizimlaridan kompaniyaga tegishli kompyuterlar, planshetlar va telefonlarda, shuningdek, ichki tarmoqlarda foydalanishni taqiqlaydi”, — deyiladi agentlik bayonotida.
Shaxsiy qurilmalarda sunʼiy intellektdan foydalanadigan xodimlardan tizimlarda kompaniyaga tegishli maʼlumotlarni eʼlon qilmaslik soʻralgan. Taʼkidlanishicha, yangi qoidalarni buzish ishdan boʻshatilishga olib keladi.
Oʻtgan yilning noyabr oyi oxirida sunʼiy intellektga ega ChatGPT chatboti tarmoqda mashhurlikka erishdi va bir haftadan kamroq vaqt ichida oʻzining birinchi million foydalanuvchisini toʻpladi. Bot OpenAIʼga tegishli boʻlib, uning asoschilaridan biri Ilon Mask. Keyinchalik sun’iy intellekt Google kompaniyasining asosiy raqobatchisiga aylandi. 31-mart kuni Italiya ChatGPTʼni taqiqlagan birinchi Gʻarb davlati boʻldi. Oʻzbekistonda esa ChatGPT paydo boʻlganidan beri ochilgani yoʻq.
Avvalroq ChatGPT tibbiy maslahat berishda shifokorlardan ham oʻzib ketgani haqida xabar berilgandi.