“Okay, ChatGPT, sumalak qanday tayyorlanadi?”
ChatGPT inglizcha, ruscha va oʻzbekcha sumalak pishirish usullarini “oʻylab topdi”. Giglink jamoasi sumalakni tayyorlash uchun retseptni sunʼiy idrokdan soʻradi. ChatGPT javobi esa kutilmagan va “oʻziga xos boʻldi”...
Kimga qaramang, ChatGPTʼni maqtaydi, dunyo OAVi sunʼiy idrok kelajakni egallaydi deyotgan, baʼzi tashkilotlar xodimlarini sunʼiy idrokka almashtirayotgan bir paytda, uning ishlashini sizga ham koʻrsatib berishga qaror qildik.Demak, maqolamizda ChatGPTʼning 3 — oʻzbek, ingliz va rus tillarida ishlashini taqqoslab koʻramiz. Buning uchun sunʼiy idrokdan oʻzbek xalqining milliy taomi — sumalak tayyorlash retseptini yozib berishini* soʻradik.
*ChatGPT generatsiya qilgan javoblarni oʻzbek tiliga soʻzma-soʻz tarjima qilib beramiz.
ChatGPT ingliz tilida
How to cook sumalak?
ChatGPT javobi: “Sumalak – Oʻrta Osiyoning anʼanaviy taomi boʻlib, unib chiqqan bugʻdoy va boshqa donlardan tayyorlanadi. Bu taom odatda Oʻzbekiston, Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida Navroʻz (Yangi yil) bayramida tayyorlanadi. Sumalak tayyorlash jarayoni mashaqqatli va bir necha kunlik tayyorgarlikni talab qiladi. Mana sumalak tayyorlashning umumiy retsepti:
Mahsulotlar:
- 2 stakan bugʻdoy urugʻi
- 1 stakan suv
- 1/2 chashka shakar
- 1/2 chashka mayiz
- 1/2 chashka toʻgʻralgan yongʻoq
- 1/2 chashka quritilgan oʻrik
- 1/2 chashka quritilgan anjir
- 1/2 chashka quritilgan xurmo
- 1/2 chashka toʻliq sut
- 1/2 choy qoshiq tuz
Koʻrsatmalar:
Oʻsib chiqqan bugʻdoyni suv bilan yaxshilab yuvib tashlang va uni katta idishga joylashtiring.
Ustidan suv quying va uni qaynatib oling.Issiqlikni kamaytiring va vaqti-vaqti bilan aralashtirib, taxminan 10 daqiqa qaynatib oling. Shakar qoʻshing va har 20-30 daqiqada aralashtirib, yana 2-3 soat pishirishda davom eting.
Quritilgan mevalar va yongʻoqlarni qoʻshing va aralashma qalin va qaymoq sifat boʻlguncha yana 1-2 soat pishiring.Sut va tuz qoʻshing hamda yaxshilab aralashtiring.Aralashma quyuqlashguncha va qora jigarrang tusga kirgunicha yana 30-45 daqiqa pishirishda davom eting. Sumalakni issiq yoki sovitilgan holda, maydalangan yongʻoq yoki quritilgan mevalar bilan bezatib isteʼmol qiling.
Eslatma: Sumalakni pishirish vaqti unga solinadigan bugʻdoy turiga va siz istagan quyuqlik darajasiga qarab farq qilishi mumkin. Baʼzi retseptlar aralashmani 12 soatgacha qaynatishni talab qiladi. Sumalak ham anʼanaviy tarzda ochiq havoda katta qozonda oʻchoqda pishiriladi, bu esa unga oʻziga xos tutunli taʼm berishi mumkin.
Koʻrib turganingizdek, ChatGPT biz nazarda tutgan sumalak tayyorlanishini yozib berishga harakat qilgan va deyarli toʻgʻri generatsiya qilgan.
ChatGPT rus tilida
Sunʼiy intellekt keng tarqalgan mavzularda ingliz va rus tillarida deyarli bir xil javobni generatsiya qiladi. Biroq oʻzbek madaniyatiga oid soʻrovlarni berganimizda har qanday tilda “maʼlumotlar aralashishini” kuzatdik. Ingliz tilida yaxshiroq, lekin rus tilida ayniqsa xato maʼlumotlar yetarlicha uchraydi. Maʼlumotlar bilan oldindan tanish boʻlsangiz-ku — zoʻr, “Regenerate response” tugmasi orqali ChatGPTʼdan javobni oʻzgartirishini soʻrashingiz yoki toʻgʻridan-toʻgʻri u bergan maʼlumotlar xatoligini aytib undan yaxshiroq tahlil qilib generatsiya qilishini talab qilishingiz mumkin.
Как приготовить сумалак?
Bu borada generatsiya qilishda xatolarini toʻgʻrilashi uchun har bir adashish paytida “Regenerate response”ni bosish orqali unga “signal” berdik. ChatGPT esa bunday “signal”larni tez ilgʻab olib gapini oʻzgartirishga urindi. Biroq asosiy xatolarda deyarli oʻzgarish boʻlmadi. Bu balki internetda sumalak haqida yetarlicha toʻgʻri maʼlumotlar yoʻqligidan boʻlishi mumkin, deb ham oʻyladik.
Natija esa bari bir bizni qoniqtirmadi :(
ChatGPT oʻzbek tilida: yangi soʻzlar, tushunarsiz soʻz birikmalari, grammatik xatolar...
Albatta, Google/Yandex tarjimonlar ham “odam” boʻlgunicha ancha vaqt va harakat kerak boʻlgan. Shu sababli, taqdim qilinganiga atigi 3 oy boʻlgan ChatGPTʼni oʻzbek tilini bilmaganlikda ayblashimiz “insofdan boʻlmas”. Sunʼiy idrokning maʼlumotlar generatsiyasida yanada rivojlanishi, tillarni yaxshiroq uqib olishi va funksiyalari kengayishiga umid qilamiz.