Apple yangi mexanizmi bilan smartfonlar "egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi"
Apple kompaniyasi buklanadigan smartfonlar ekranlarini himoyalash texnologiyasini ishlab chiqdi. Bunda buklanadigan planshet yoki smartfon tushib ketganida uni himoya qilish mexanizmining ikki xil varianti ishlatiladi.
Bilamizki, buklanadigan smartfonlar mustahkamlik jihatidan unchalik ishonchli boʻlmaydi, ayniqsa ular qoʻldan tushib ketganida egiluvchan LED ekranlari arzimagan bosim natijasida ham shikastlanishi mumkin. Shu sababli Apple buklanadigan va mustahkam smartfon hamda planshetlar uchun ikki turdagi texnologiya ishlab chiqdi. Mazkur mexanizmlarning birinchisida tushib ketgan smartfon yoki planshetning buklanuvchi qismi avtomatik ravishda ikkiga ajraladi.
Ikkinchi usulda esa, qurilma qisman buklanadi. Patent uchun taqdim etilgan hujjatda aytilishicha, hattoki eng kichik buklanish ham smartfonni tushib ketgan vaqtida shikastlanishidan asraydi. Bunda smartfon yerga tushganida u ekrani bilan emas, balki korpusi bilan tushadi va ekrani xavfsiz qoladi.
Xuddi shunday himoya sxemasi kengaytiriladigan displeyli qurilmalar uchun ham mavjud. Smartfon yoki planshet noodatiy tezlashuvda pastga qarab harakatlanayotganini aniqlashi bilan, sinish xavfini kamaytirish uchun ekranini korpus ichiga tortib oladi.
Apple mazkur mexanizmlarni qachon amalga tatbiq etishi hozircha nomaʼlum.
Avvalroq Giglink.uz nashri Apple smart xonadonlar uchun maxsus HomePod kolonkasining yangi va ixcham versiyasini ishlab chiqqanligi haqida xabar bergan edi.