Xiaomi Band 7 vs Xiaomi Smart Band 8: yangi fitnes brasleti sotib olishga qanchalik arziydi?

18-aprel kuni Xiaomi Smart Band 8 (Mi Band 8) fitnes trekerini taqdim qildi. Tashqi tomondan, yangi model avvalgisidan sezilarli darajada farq qiladi, ammo texnik xususiyatlar borasida bunday deya olmaymiz. Keling, Mi Band 7 ni yangilash yoki umuman, Mi Band 8 ni sotib olish qanchalik toʻgʻri tanlov boʻlishini batafsil koʻrib chiqamiz.

Korpus va kamar

Smart Band 8 ning asosiy farqi kamarlarida — ular juda koʻp va har xil boʻlib, ikki halqali charmdan tortib zanjirligisigacha taqdim etilgan. Tasmalar soat kapsulasiga smart watchʼlardagi kabi mitti qisqichlari yordamida biriktiriladi.

Mazkur tasmalar yordamida trekerni boʻyinga taqish, oyoq kiyimga oʻrnatish, uzun tasmali variantini qoʻlda braslet-aksessuar koʻrinishida olib yurish mumkin va hokazo.

Smart Band 7 uchun ham onlayn va oflayn doʻkonlarda turli xil kamarlar bor, ammo ularning deyarli barchasi bir xil anʼanaviy tarzda oʻrnatiladi hamda brasletning shundoq ham katta hajmini yanada qoʻpol qilib koʻrsatadi.

Shu sababli ham, Mi Band 8 ning universal kamarlari, nafaqat ixcham va qulaylikni, balki tashqi koʻrinishni toʻldirib turuvchi aksessuar vazifasini oʻtashi bilan yaxshi yechim qilingan. Qoʻshimcha ravishda, treker korpusining ochroq rangli varianti borligini ham keltirib oʻtish mumkin.

Yangi model korpusi uzunasiga sal kattaroq boʻlsa ham, eniga ingichkaroq ishlangan. 

Kapsula oʻlchamlari:

  • Smart Band 8: 48 x 22,5 x 10,9 mm.
  • Smart Band 7: 46,5 x 20,7 x 12,25 mm.

Yangi modelning ogʻirligi ikki baravar koʻp: 

  • 13,5 g — Mi Band 7
  • 27 g — Mi Band 8.

Har ikkala model ham namlikdan bir xil — 5 ATM himoyaga ega, yaʼni aksessuar hovuz va suv sporti uchun mos keladi.

Ekran

Oʻlchamdagi baʼzi oʻzgarishlarga qaramay, ekran oʻlchami oldingi holicha qoldirilgan. Hatto piksellar soni ham saqlanib qolgan, lekin ekran yorugʻligi va eng muhimi, yangilanish tezligi oshgan.

  • Smart Band 8: OLED, 1,62 dyuym, 490×192 piksel, 326 ppi, 600 nitsgacha, 60 Gts.
  • Smart Band 7: OLED, 1,62 dyuym, 490×192 piksel, 326 ppi, yorqinligi 500 nitsgacha.

Kundalik foydalanishda fitnes braslet ekrani yorugʻligi unchalik ahamiyatga ega boʻlmasligi mumkin, ammo qurilmaning muhitga qarab avtomatik yorugʻlik sozlashi muhim funksiya.

Always On Display (AOD) rejimiga kelsak, bu funksiya oldingi modelda ham bor edi.

Texnik xususiyatlari

Ikkala qurilmada puls va qonda kislorod darajasini (SpO2) hisoblash uchun optik sensor mavjud hamda ikkalasi ham avtomatik ravishda 24/7 oʻlchovlarni amalga oshirishi mumkin.

Yangi modelda sport rejimlari soni koʻpaygan boʻlib, ular hozirda 150 ga yaqin, ammo buni muhim yaxshilanish deb atash qiyin. Qadam uzunligi, yurish tarzi, kuchi va boshqa koʻrsatkichlarni hisoblaydigan yangi professional yugurish monitoringi yanada qiziqroq chiqqan.

Yana bir yangi rejim boks uchun. Uning yordamida bilaguzuk qoʻlning holatini, tezligi va zarba kuchini kuzatishi mumkin boʻladi.

Uchinchi asosiy yangilik — bu mini-oʻyinlar, bu sizga aytaylik uzundan-uzun navbatlarda turgan paytingizda, yoki kechikishni yaxshi koʻradigan doʻstlaringizni zerikmay kutishda asqatadi. 2048, pinbol, Flappy Bird va matematik oʻyinlarni oʻynash mumkin.

Batareya va zaryadlash

Xiaomi Smart Band 8 da batareya quvvati biroz oshgan.

Batareya quvvati:

  • Smart Band 8: 190 mA/soat
  • Smart Band 7: 180 mA/soat
Oddiy rejimda yangi model bir martalik toʻliq zaryad bilan 16 kungacha, doimiy faol AOD rejimda esa, 6 kungacha ishlaydi. Smart Band 7 da bu koʻrsatkich mos ravishda 15 kunga 3 kun edi.

Yana bir yangilanish — bu zaryad olish tezligining oshishi. Endi braslet toʻliq quvvatlanishi uchun oldingi ikki soat oʻrniga bor-yoʻgʻi bir soat kutish kifoya.

Ulanish

Smartfonlarga ulanish uchun yangi Smart Band 8 Bluetooth 5.1 dan foydalanadi va buni ortga bir qadam tashlash deyish mumkin, chunki oldingi Band 7 da Bluetooth 5.2 edi.

Ishlab chiqaruvchilarni bunday qilishga nima ilhomlantirganini bilmaymiz, biroq qurilmaning avtonomiyasining ortganini hisobga olsak, foydalanuvchi hech qanday farqni sezmaydi.

Qissadan hissa

Umuman olganda, yangi modelning hech qanday yashirin afzalliklari yoʻq — barchasi kaftdek namoyon. Birinchidan, bu takomillashtirilgan ergonomika va vaqt oʻtishi bilan koʻpayib boruvchi kamarlar toʻplami. Ikkinchidan, bu yorugʻlikni avtomatik boshqarish hamda yanada silliq ekran. 

Yana bir nechta unchalik katta ahamiyatga ega boʻlmagan yangilanishlardan esa, bir nechta yangi sport rejimlari, tezroq zaryadlash va AOD rejimida yaxshilangan avtonomiyani keltirish mumkin. Boʻldi, shu. 

Xoʻsh, Mi Band 7 ni yangilash kerakmi?

Agar Smart Band siz uchun jismoniy holatingizni kuzatuvchi, budilnik, soat va bildirishnomalar uchun kerakli gadjeti boʻlsa, unda ishlatayotgan Xiaomi Mi Band 7 ni yangisiga almashtirishdan ma’no yo‘q. Texnik jihatdan ular orasidagi farq deyarli yoʻq.

Ammo fitnes braslet siz uchun shunchaki aksessuar boʻlsa va siz kamar hamda siferblatlarni tez-tez almashtirib tursangiz, unda sizga 8-modelni tavsiya qilamiz. Tashqi obrazingizni chiroyli toʻldirib turadigan Smart Band 8 charm kamari kundalik foydalanish, silikon tasmasi esa sport mashgʻulotlari uchun mos tanlov boʻladi.

Xoʻsh, yangi model haqidagi taassurotlaringiz qanday? Xiaomi Smart Band 8 sotib olishga tayyormisiz? Aytgancha, yangi fitnes braslet allaqachon AliExpressʼda sotuvga qoʻyilgan.

Narxlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin — https://giglink.uz/p/8358832. 

Mavzuga oid

Soʻnggi yangiliklar

iPhone 16 Pro va iPhone 16 Pro Max taqdim etildi
Apple'ning ta'kidlashicha, bu iPhone'lar kompaniya tarixidagi eng yaxshisi bo‘lib, oldingi modellardan ancha ustun.
Smartfon
10 sentabr, 09:04
Apple Mac eng yaxshi sun’iy intellektli kompyuter: Copilot+ kompyuterlariga qaraganda 40% kuchliroq grafik va 25% tezroq internet sahifalarini yuklaydi.
Apple kompaniyasi Mac kompyuterlarini sun’iy intellekt (AI) imkoniyatlariga ega eng yaxshi kompyuter sifatida targ‘ib qilishni boshladi.
Texnologiya
07 sentabr, 10:44
Smartfondagi suratlarini zo‘r qilib tahrirlashga yordamchi top dasturlar
Masalan, rasm fonini olib tashlash yoki ranglarini tezda oʻzgartirish kabi.
AI
31 avgust, 13:42
Qozog‘istonda Onix O‘zbekistondagidan arzonroq
Chevrolet Qozog‘istonda yangi avtomobillar ichida yana ko‘p sotiladiganlar safida joy oldi va sotuvlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi.
Avto
29 avgust, 22:26