Yerosti simlari urushi: AQSh va Xitoy suv ostidagi internet kabellari musaboqasida kim g‘olib bo‘ladi?
Butun dunyo boʻylab maʼlumotlarni tashishga xizmat qiluvchi dengiz osti kabellari endi AQSh va Xitoy oʻrtasidagi texnologik urushga sabab boʻlmoqda.
Buning natijasi oʻlaroq, Vashington Pekin josuslaridan “himoyalanish uchun” Xitoyning xorijdagi loyihalarini toʻxtatdi va Big Tech kompaniyasining Gonkonggacha choʻzilgan yoʻllarini uzib qoʻydi.
Bu shunchaki biznes edi
Hammasi oddiy biznes koʻrinishida boshlangan edi: dunyodagi eng ilgʻor suv osti optik tolali kabellaridan biri uchun yirik shartnoma tuzildi va bu beixtiyor AQSh va Xitoy oʻrtasidagi oʻnlab yillar davom etil kelayotgan raqamli hamda iqtisodiy urushga kichik turtki boʻldi.
Fevral oyida AQShning SubCom LLC suv osti kabel kompaniyasi Osiyodan Yevropa, Afrika va Yaqin Sharqqa dengiz tubi orqali oʻta yuqori tezlikda maʼlumotlarni joʻnatish uchun 600 million dollarlik kabel yotqizishni boshladi.
Ushbu kabel Janubi-Sharqiy Osiyo — Yaqin Sharq — Gʻarbiy Yevropa 6 yoki qisqacha SeaMeWe-6 deb nomlanadi. U Singapurdan Fransiyaga qadar oʻnlab mamlakatlarni bogʻlaydi, uchta dengiz va Hind okeanini kesib oʻtadi. Mazkur loyiha 2025-yilda yakunlanishi rejalashtirilgan.
Gap shundaki, SeaMeWe-6 qamrovidagi loyihani Xitoy ham “orzu qilib kelgan” va AQSh boshlab yuborganidan soʻng boy berganini anglagan edi.
Har qarichi tilloga teng kabel
Omadi chopgan AQSh hukumatiga tegishli missiya Amerika SubCom kompaniyasiga Xitoyning HMN Tech kompaniyasini SeaMeWe-6 deb nomlangan kabelni qurish boʻyicha 600 million dollarlik shartnomani yutib olishga yordam berdi. Bu Amerikaga dunyo boʻylab Xitoy firmalari qudratini sindirishga ham qoʻl kelmoqda.
Chunki Xitoyning HMN Technologies Co Ltd suv osti kabeli qurilishi sohasida tezda mashhur boʻlib, aslida uch yil oldin shartnomani imzolash arafasida edi. Global kabelga oʻndan ortiq global firmalar buyurtma bergan edi. Bular: Xitoyning uchta davlat telekommunikatsiya operatorlari, shuningdek, AQShda joylashgan Microsoft korporatsiyasi va Fransiyaning Orange telekommunikatsiya kompaniyasi.
Manbalarning taʼkidlashicha, Xitoyning telekommunikatsiya giganti Huawei Technologies Co Ltdga tegishli boʻlgan HMN Tech kompaniyasi 2020-yil boshida kabelni ishlab chiqarish va yotqizish uchun tanlandi, Pekindan katta miqdorda subsidiyalar olib narxlar ham qisman pasaytirildi. HMN Tech kompaniyasining 500 million dollarlik taklifi Nyu-Jersidagi SubCom kompaniyasi tomonidan kabel konsorsiumiga taqdim etilgan dastlabki taklifdan anchayin arzonroq boʻlgan.
Singapurdan Fransiyaga qadar yotqiziladigan kabel HMN Tech kompaniyasining bugungi kundagi eng yirik loyihasi boʻlib, uning dunyodagi eng tez rivojlanayotgan suv osti kabeli ishlab chiqaruvchisi maqomini mustahkamlaydi va unga sarmoya kiritmoqchi boʻlgan uchta Xitoy telekommunikatsiya kompaniyasining global qamrovini kengaytiradi.
Ammo xitoyliklar ushbu nozik aloqa kabellarida josuslik qilishlari mumkinligidan xavotirda boʻlgan AQSh hukumati konsorsium aʼzolariga ragʻbatlantirish va bosim oʻtkazish orqali shartnomani quyi qoʻmitaga yetkazish uchun astoydil kirishdi.
Xalqaro Reuters nashri mazkur maʼlumotlarni ilk bor batafsil bayon qildi. Soʻnggi toʻrt yil ichida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tuzilgan kamida oltita xususiy suv osti kabeli bitimlarida AQSh hukumati HMN Tech kompaniyasini gʻalaba qozonishiga yoʻl qoʻymaslik uchun aralashgan eng kamida 6 ta bitimlarining biri hisoblanadi. Amerika davlati oʻz hududiga olib keladigan har qanday kabel tizimlariga oid shartnomalarni Xitoy nazoratida boʻlmasligi uchun maksimum harakat qilmoqda, bunga asosiy sabab qilib “josuslik qilish” koʻrsatilmoqda. Reuters izlanishlarining muhim tarafi shundaki, ular paytgacha mazkur voqealarda Vashingtonning ushbu aralashuvi tasdiqlanib kelmagan bir paytda, bor maʼlumotlarni ochib berishdi.
Biroq rasmiylar (nomlari keltirilgan tashkilotlar) mazkur holatlar borasida hech qanday rasmiy maʼlumot bermagan. Ehtimol har ikki taraf ham kimdir birinchi “ogʻzidan tutilishini” kutmoqda.
Suv osti kabellari AQSh va Xitoy oʻrtasidagi texnologik raqobatning markazida turadi.
Vashingtonda joylashgan TeleGeography telekommunikatsiya tadqiqot kompaniyasining maʼlumotlariga koʻra, butun dunyo boʻylab 400 dan ortiq kabellar dengiz tubi boʻylab oʻtadi va ular barcha xalqaro Internet-trafikning 95% dan ortigʻini tashiydi. AQSh hukumati vakili va ikki xavfsizlik tahlilchisi Reuters agentligiga elektron pochta va bank operatsiyalaridan tortib harbiy sirlargacha boʻlgan barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan ushbu maʼlumotlar havolalari sabotaj va josuslik oʻljasi boʻlishi mumkinligini maʼlum qilgan.
Oʻtgan oy Xitoy va Tayvan oʻrtasidagi mojaroga suv osti kabellari aloqador boʻlishi mumkinligi aniq boʻlganligini ham AQSh qoʻrquvini bir tarafdan tasdiqlaydi. Oʻshanda Tayvanni Xitoy qirgʻoqlarida joylashgan Matsu orollari bilan bogʻlaydigan ikkita aloqa kabeli uzilgan, 14 ming aholi internetsiz qolgandi.
Tayvan hukumati Xitoyning baliq ovlash va yuk kemasidan shubhalanayotganini aytgan. Biroq, Xitoy buni qasddan qilingan harakat emasligi va Xitoy kemalari aybdor ekanligiga toʻgʻridan-toʻgʻri dalil yoʻqligini aytdi. Tayvanni oʻzining provinsiyalaridan biri deb hisoblagan Xitoy orolni oʻz hokimiyatini tan olishga majburlash uchun harbiy va siyosiy harakatlarini kuchaytirdi.
Kabellar qoʻngʻiroqlarni tinglash, “kuzatish uchun oltin tomirga” aylanishi mumkin./Vashingtonda joylashgan Atlantika Kengashining Cyber Statecraft Initiative tadqiqot markazi xodimi Jastin Sherman.
“AQSh va Xitoy oʻrtasidagi texnologik raqobat, josuslik va maʼlumotlar yigʻish haqida gapirganda, suv osti kabellari bu oʻsib borayotgan geosiyosiy keskinlikning barcha jarayonlariga aloqador”, dedi Sherman.
Ommaviy loyiha eʼlonlariga koʻra, AQSh texnologiya gigantlari Google LLC, Meta Platforms Inc va Amazon.com Inc kamida bitta yoki ikkala kabelning (Meta) asosiy investorlari boʻlgan. Loyihada ishlagan toʻrtta kompaniyaning taʼkidlashicha, kechikishlar va kabel yoʻnalishini oʻzgartirish ushbu kompaniyalarning har biriga oʻn millionlab dollar yoʻqotilgan foyda hamda ortiqcha xarajatlarga olib kelgan.
Amazon, Meta va Google bu loyihalar yoki kabel urushlari haqida izoh berishdan bosh tortdi.
Ayni paytda, amerikalik diplomatlar xorijiy aloqa operatorlarini Vashingtonning HMN Tech kompaniyasiga nisbatan qattiq sanksiyalar qoʻllashni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirdi, bu esa ularning kabel loyihasiga sarmoyasini xavf ostiga qoʻyishi mumkin. AQSh Savdo vazirligi 2021-yil dekabr oyida HMN Tech kompaniyasining Xitoy Xalq ozodlik armiyasini modernizatsiya qilishga yordam berish uchun Amerika texnologiyasini qoʻlga kiritish niyatiga ishora qilib, ushbu tahdidga qarshi chiqdi.
AQSh Davlat departamentining yuqori martabali amaldori departament oʻz elchixonalari orqali SubComga shartnomani taʼminlashda yordam berishni, shu jumladan boshqa mamlakatlarni HMN Tech bilan bogʻliq xavfsizlikka tahdidi haqida ogohlantirganini tasdiqladi. Kabel Xitoyga yetib bormasada, AQSh hukumati HMN Tech kabel ichiga masofadan nazorat qilish uskunasini oʻrnatishi mumkinligiga ishonadi, dedi amaldor, hech bir dalillar keltirmasdan. Savdo departamenti esa izoh berishdan bosh tortdi.
Ikki oy oʻtgach, 2022-yil fevral oyida SubCom kabel konsorsiumi tomonidan SeaMeWe-6 kabelini qurish boʻyicha shartnoma olganini eʼlon qildi. Kabelning umumiy 20 foiziga egalik qilishi kerak boʻlgan China Telecom va China Mobile kompaniyalari SubCom kompaniyasi bilan loyihada Xitoy hukumati istamagani uchun investor sifatida ishtirok etishdan bosh tortdi, dedi Reuters agentligi.
Xitoy Xalq ozodlik armiyasi bilan shugʻullanuvchi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi va uning Mudofaa vazirligi Reyter agentligining savollariga javob bermadi.
2022-yil 26-iyun kuni Oq uy turli infratuzilma loyihalari, shu jumladan SubComning suv osti kabeli kelishuvi haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi. Hujjatda aytilishicha, AQSh hukumati SubCom bilan ushbu shartnomani “birgalikda taʼminlashga yordam bergan”.
Oq uy bu borada ham izoh bermagan.
Tobora keskinlashayotgan munosabatlar
AQSh-Xitoy munosabatlari oʻn yilliklar ichida eng nozik nuqtaga yetdi. Ikki davlat bir qator masalalar, jumladan, Xitoyning Rossiyaning Ukrainadagi pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlashi, Gonkongdagi noroziliklarni bostirishi va Xitoy rahbari Si Szinpinning Tayvanni oʻz nazorati ostiga olishga intilishi kabi holatlarda toʻqnash keldi. Fevral oyida AQSh havo hududiga uchib kelgan Xitoy josuslik sharini urib tushirgan edi. Xitoy bu shunchaki oddiy ob-havo shari boʻlgani aytdi va amerikaliklarni haddan tashqari radikallikda aybladi.
Oʻtgan yil davomida Bayden maʼmuriyati AQShda yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarish va tadqiqotlari uchun 52,7 milliard dollarlik subsidiyalar berish uchun muhim qonun loyihasini qabul qildi. Dekabr oyida Savdo Departamenti dronlar va sunʼiy intellekt chiplari kabi texnologiyalar ishlab chiqaruvchi oʻnlab xitoylik firmalarni oʻzining “Entity List” roʻyxatiga kiritdi, bu esa ularning AQSh texnologiyalariga kirishini keskin cheklaydi.
Oʻnlab yillar davomida suv osti tolali optik kabellarini qurish va oʻrnatishda uchta kompaniya hukmronlik qilmoqda: Amerika SubCom, Yaponiya NEC korporatsiyasi va Fransiyaning Alcatel Submarine Networks, Inc.
Ammo 2008-yilda Huawei Marine Networks Co Ltd raqobat maydoniga kelganida seysmik siljish yuz berdi. Xitoyning Huawei Technologies telekommunikatsiya kompaniyasiga tegishli boʻlgan Tyanszinda joylashgan kompaniya dastlab Papua-Yangi Gvineya va Karib havzasi kabi xizmat koʻrsatilmagan bozorlarda kichik kabel tizimlarini qurdi.
HMN Tech o‘zi qanday tashkilot?
TeleGeography maʼlumotlariga koʻra, 15 yil oldin va hozirda HMN Tech deb nomlanuvchi firma dunyodagi eng tez rivojlanayotgan suv osti kabellari ishlab chiqaruvchisi va yetkazib beruvchisiga aylandi.
Ammo kompaniyaning qisqa tarixi AQSh-Xitoy munosabatlarining yomonlashuvi tufayli shakllanib bormoqda.
Bu orada Huawei Technologies HMN Tech kompaniyasi xususiy ekanligini va Xitoy hukumati tomonidan nazorat qilinmasligini aytmoqda. Huawei Technologies 2020-yilda Huawei Marineʼdagi ulushlaridan butunlay voz kechganini va endi Xitoyning yangi mulki ostida HMN Tech sifatida rebrending qilingan kabel kompaniyasi bilan aloqasi yoʻqligini aytdi.
HMN Tech oʻtgan yili internetga kirgan va Osiyo, Afrika hamda Yevropani bogʻlagan PEACE kabeli bilan oʻz ambitsiyalarini kengaytirdi. SubCom uni qabul qilgunga qadar firma Singapurdan Fransiyaga loyihasida yana bir katta sakrashga tayyor edi.
Ushbu kelishuv xitoylik oʻyinchilar uchun qay tarzda amalga oshmay qolganligi haqida quyida SeaMeWe-6 shartnomasida bevosita ishtirok etgan olti kishi bilan suhbatga asnosida bilib olish mumkin. Ularning barchasi oʻz nomlarini oshkor qilmaslikni soʻrashdi, chunki ular potensial tijorat sirlari yoki milliy xavfsizlik masalalarini muhokama qilish huquqiga ega emaslar.
Katta suv osti kabellari bir necha yuz million dollarga tushadi. Ular odatda texnologiya yoki telekommunikatsiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan toʻlanadi, ular xarajatlar va xavflarni tarqatishlari va oʻz mamlakatlariga kelib tutashgan har qanday kabel uchun javobgarlikni oʻz zimmalariga olishlari mumkin.
Bu shartnomada China Telecom, China Mobile va China Unicom taxminan 500 million dollar taklif qilgan HMN Techni qattiq qoʻllab-quvvatlagan. Microsoft, Orange va Hindistonning Bharti Airtel kompaniyalari HMN Tech ishtirokida AQShning kuchli qarshilik koʻrsatish xavfidan xavotir bildirdi. Biroq, narx borasida bahslashish qiyin edi. SubComning taklifi 750 million dollarga yaqinroq edi.
2020-yil oʻrtalarida bir qator video qoʻngʻiroqlar chogʻida konsorsium aʼzolari aynan HMN Tech kompaniyasi kabelni qurishiga ogʻzaki kelishib oldilar. SubCom, agar Xitoy firmasi oʻz taklifi shartlarini rad etsa yoki defolt qilsa, kutish rejimida boʻladi.
Ammo parda ortida SubCom va AQSh hukumati HMN Tech bu ish uchun eng xavfli kompaniya mazmunida “igʻvo” tarqata boshladilar.
SubCom allaqachon AQSh Federal Eksport-Import Bankidan oʻz arizasini qoʻllab-quvvatlash uchun kredit olish uchun muvaffaqiyatli ariza topshirgan. Uni, shuningdek, mezbon mamlakatlardagi konsorsium aʼzolariga tayanish uchun butun dunyo boʻylab AQSh elchixonalarini tezda safarbar qilgan Savdo Departamenti qoʻllab-quvvatladi.
Bitim ishtirokchilariga koʻra, AQShning kamida oltita davlatdagi elchilari, jumladan Singapur, Bangladesh va Shri-Lanka, bitimda ishtirok etgan mahalliy aloqa operatorlariga xat yozgan.
Reuters tomonidan koʻrilgan maktublardan birida aytilishicha, SubComni tanlash “AQSh bilan tijorat va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun muhim imkoniyatdir”.
Alohida-alohida, elchilar va yuqori martabali diplomatlar kamida beshta davlatda xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Bu, oʻz navbatida, telekompaniyalarning oʻtkazish qobiliyatini sotishni qiyinlashtiradi, chunki ularning eng koʻp mijozlari, Amerika texnologiya firmalariga kabeldan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
AQSh rasmiylarining tushuntirishicha, HMN Tech kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kabelni deyarli yaroqsiz qilib qoʻyadi.
Kabellar uchun siyosiy kurash
2021-yil fevral oyida konsorsium hamkorlari kelisha olmay qoldi, SubCom va HMN Techga guruh tomonidan “eng yaxshi va yakuniy taklif”ni taqdim etish imkoniyati berildi. SubCom oʻz taklifini deyarli 600 million dollarga qisqartirdi. Ammo endi HMN Techʼda ham narx tushgan boʻlib, 475 million dollarga kabel qurishni taklif qilardi.
Konsorsiumning bir qancha aʼzolari, jumladan Microsoft, Singapore Telecommunications Limited (Singtel) va Orange, boshqa aʼzolarga takliflar sanksiyalar xavfi hisobga olinsa, SubCom yaxshiroq shartnoma taklif qilishini aytdi. Xitoyning uchta davlat kompaniyasi qatʼiyan rozi boʻlmadi. Barcha kompaniyalar bu borada rasman izoh berishdan bosh tortdilar.
2021-yil oxiridagi keskin yakuniy video qoʻngʻiroq paytida Singtel rahbari, kabel qoʻmitasi raisi kompaniyalarni butun kelishuv amalga oshguncha yakuniy qarorga ovoz berishga chaqirdi, dedi qoʻngʻiroqda ishtirok etgan ikki kishi Reuters agentligiga.
China Telecom va China Mobile kompaniyalari oʻzlari bilan oʻn millionlab dollar sarmoya olib, loyihadan chiqish bilan tahdid qilishdi. Ammo konsorsiumning aksariyati SubComni tanladi. Ikki yangi investor — Telekom Malaysia Berhad va PT Telekomunikasi Indonesia International (Telin) shartnomaga qoʻshildi, manbalarning taʼkidlashicha, dastlabki ishtirokchilarning baʼzilari zararni qoplash uchun oʻz ulushlarini oshirdi.
Manba: Reuters