Endi Twitter’da 8 Gb gacha boʻlgan ikki soatlik videolarni joylashtirish mumkin
Bu xususiyat hozirda Twitter veb-sayti va iOS ilovasida faqatgina Twitter Blue obunachilari uchun ishlaydi.
Tesla va SpaceX bosh direktori Ilon Mask yaqindagina Twitter rahbarligini topshirayotgan boʻlsa-da, masʼuliyatni unutmagan koʻrinadi: Mask Twitter Blue obunachilari uchun hajmi 8 Gb gacha va davomiyligi 2 soatgacha boʻlgan videolarni yuklash imkoniyatini taqdim etdi.
Android foydalanuvchilari esa hozircha, 10 daqiqagacha boʻlgan videolarni yuklashlari mumkin. Ushbu funksiya uzunroq videolarni baham koʻrish imkoniyatini beradi, shuningdek, foydalanuvchilarning tarmoqdagi vaqtini uzaytirishi mumkin.
Maʼlumot uchun, oddiy Twitter foydalanuvchilari uchun yuklanadigan videolar maksimal davomiyligi 140 soniya bilan cheklangan.
Tanganing ikkinchi tomoni
Ilon Mask bosh direktorlik lavozimini tark etar ekan oʻzidan “yaxshi nom qoldirishga” astoydil kirishgani aniq. Biroq, boshqa tarafdan, yangilik bir qator muammolar va kamchiliklarga olib kelishi mumkin. Birinchidan, fayl hajmi va uzunligining ortishi Twitter serverlari va infratuzilmasiga katta taʼsir koʻrsatishi mumkin, natijada yuklab olish vaqtlari sekinlashadi va platformaning umumiy ish faoliyatini buzishi mumkin.
Bundan tashqari, bunday uzun videolarning mavjudligi past sifatli yoki ahamiyatsiz kontentning kirib kelishiga, umumiy foydalanuvchi tajribasining yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, uzunroq videolarni yuklash mumkin boʻlganda mualliflik huquqining buzilishi va nomaqbul yoki zararli kontentni tarqatish ehtimoli ortishi mumkin.
Ushbu xususiyatdan notoʻgʻri foydalanishning oldini olish va barcha Twitter foydalanuvchilari uchun xavfsiz va maqbul muhitni saqlab qolish uchun kontentni toʻgʻri moderatsiya qilish va nazoratni oshirishni taʼminlash juda muhim boʻladi, deydi Gizmochina nashri.
Ma’lumot uchun, Twitter’da audio/video qo‘ng‘iroqlar, like o‘rniga reaksiyalar va shifrlangan xabarlar shu kunlarda taqdim etilishi kutilayotgan edi.