Pavel Durovning oddiy Samsungi Dubay issiqligiga dosh bermadi
Boyligi milliard dollarlik Durov so‘nggi ikki yil davomida Samsung Galaxy A52 arzon modelidan foydalangan.
Telegram messenjerining asoschisi Pavel Durov Dubaydagi kuchli issiqlik sababli Samsung smartfonidan ayrildi. Bu haqda u o‘zining rasmiy ingliz tilidagi Telegram kanalida ma'lum qildi.
Durov ishdan chiqgan smartfonining suratini joyladi va uni sotib olgan paytda narxi $180 boʻlganini yozdi. Suratlardan koʻrinib turibdiki, boyligi milliard dollarlik Durov Samsung Galaxy A52 arzon modelidan foydalangan.
Durovning aytishicha, u bu telefonni so‘nggi ikki yil davomida ishlatgan. U bu orqali foydalanuvchilarining tajribasini yaxshiroq tushunishga harakat qilgan, chunki bu model Telegram foydalanuvchilari orasida eng ommabop hisoblanadi. Afsuski, smartfon haddan tashqari qizib ketishi tufayli ishdan chiqqan.
"Koʻrinishidan, tez orada telefonimni almashtirishimga toʻgʻri keladi", - deb yozdi u.
Durovning Telegram kanalida 2,5 milliondan ortiq obunachisi bor. Yangi post esa bir soatdan kam vaqt ichida 250 mingdan ortiq ko‘rish va minglab reaksiyalar to‘pladi.
Telegram dunyodagi eng mashhur messenjerlardan biridir. Butun dunyo bo‘ylab undan har oyda yuz millionlab odamlar foydalanadi.