Hali sotuvga chiqmagan Beats Studio Buds+ e’loni Amazonda paydo bo‘ldi
Beats Studio Buds+ minigarnituralari may oyida sotuvga chiqariladi. Shaffof keys va shovqinni yanada yaxshiroq kamaytirish funksiyasi bilan takomillashtirilgan Beats simsiz minigarniturasi haqida ilk eʼlon sotuvdan ham oldin Amazonda paydo boʻldi.
Insayder Macrumors nashrining xabar berishicha, sal o‘tib e’lon o‘chirilgan.
Standart Studio Buds bilan solishtirganda, “Hey Siri” buyrugʻi bilan ovozli yordamchidan foydalanishni qoʻllab-quvvatlaydi va qurilmalar oʻrtasida avtomatik ulanishni taʼminlaydi. Korpus IPX4 standartiga muvofiq namlikdan himoyalangan. Quvvat sarfi zaryadlash holatini hisobga olganda, 36 soatgacha yetadi.
Yangi gadjet koʻrinishidan Nothing Ear (2) ga oʻxshab shaffof korpusga ega boʻladi. Jami 3 xil rangda taqdim etiladi: oq, qora va fil suyagi (qaymoqrang).
Bundan tashqari, qurilma 3 barobar koʻproq mikrofonga ega boʻladi, buning natijasida shovqinni pasaytirish 1,6 barobar, shaffoflik rejimi esa 2 barobar yaxshilanadi.
Beats Studio Buds+ IPX4 suvga chidamli va XS, S, M va L oʻlchamdagi quloqchin tiqinlariga ega. Qurilma 18-may kuni 169,95 dollarga sotuvga chiqariladi.
Avvalroq Giglink.uz eng yaxshi shovqinsiz quloqchinlar ro‘yxati va ularning narxini taqdim etgandi.