Stiv Jobsni maqtagan rejissyor Ilon Maskning “poʻstagini qoqmoqchi”: sayyoraning eng boy odami haqida film ishlanmoqda
Prodyuser Chjan Sinning soʻzlariga koʻra, “Mask” filmi milliarder tadbirkorning “yuzini ochib tashlaydi”.
Stiv Jobs haqidagi dunyoga mashhur filmni suratga olgan rejissyor Aleks Gibni yangi hujjatli film ustida ishlamoqda. Bu safargi “zamonamiz qahramoni” — SpaceX asoschisi va Tesla rahbari Ilon Mask boʻladi.
Hozircha hujjatli filmning chiqish sanasi va boshqa tafsilotlari maʼlum qilinmayapti.
Film Twitter’da namoyish qilinadimi?
Xabari bo‘lsa-da, Mask uzoq vaqt film haqida fikr bildirmay kelayotgandi. Yaqinda esa, mazkur filmga ishora qilib “Bu xit bo‘ladi” (It’s a hit piece), degandi. Unga javoban rejissyor Gibni “Sen qayerdan bilasan?”, deb javob qoldirgan.
Maskning yangi tanqidiy filmga qanday qarayotgani hozircha aniq bo‘lmasa ham, “Mask” filmi Twitter’da e’lon qilinish/qilinmasligi borasida bahslar OAV’da jonlanib qolgan: “axir kim ham uyiga kelgan mehmonlarga o‘zini yomonlaydi?”
Shuni aytib oʻtish kerakki, Ilon Mask uchun bu kabi hujjatli filmlar birinchisi emas. Mask “siymosi” bungacha “Ilon Mask: real hayotdagi temir odam” va Netflixʼning “Koinotga qaytish” filmlarida ham koʻrinish bergandi.
Gibnining rejissyorlik uslubini hisobga oladigan boʻlsak, yangi kinokartina sayyoradagi eng boy odamlardan birini jiddiy tanqid qilishi mumkin. Gibni oldinlari ham Maskni ancha-muncha tanqid qilishga ulgurgan edi, uning hujjatli filmlari esa, dunyo boʻylab eng murakkab mavzularni sinchiklab oʻrganishi bilan mashhur.