Xiaomi Mi Band 8 fitnes brasleti qoyilmaqom zarba berishni oʻrgatadi
Yangi taqdim etiladigan Xiaomi Mi Band 8 fitnes trekeri qiziqarli 2 ta funksiyaga ega: biri “interaktiv boks rejimi” boʻlsa, ikkinchisi yugurganda batafsil statistikani hisoblab boradi.
“Interaktiv boks rejimi” qoʻllarning holatini, zarba kuchi, tezligi va boks mashgʻulotlarida muhim boʻlgan boshqa maʼlumotlarni baholaydi. Ikkinchi rejim esa yugurish statistikasi uchun moʻljallangan. Rasmda bilaguzukning toʻgʻridan-toʻgʻri krossovkaning bogʻichiga mahkamlanishi koʻrsatilgan, maʼlum qilinishicha, qurilma nafaqat qadamlar soni va tezligi kabi standart parametrlarni, balki, qadam uzunligi yoki yerga tegish zarbasini ham kuzatishi mumkin. Bu maʼlumotlarning barchasi tahlil qilinadi va braslet egasiga tegishli tavsiyalarni beradi.
Eslatib oʻtamiz, Xiaomi Mi Band 8 ning rasmiy premyerasi kelgusi haftada boʻlib oʻtadi. 18-aprel kuni Smart Band 8 brasleti Xiaomi 13 Ultra smartfoni, Xiaomi Pad 6 va Pad 6 Pro planshetlari bilan birga taqdim etiladi.