Nasib qilmagan ekan: yangi BMW M2 egasiga yetib bormasidan oldin halokatga uchradi
Tasavvur qiling-a, siz yangi BMW M2 olish uchun bir necha oy kutgansiz (garchi Chevrolet mashinalari xarid qiladigan yurtdoshlarimiz uchun bunday kutishlar begona emas) va nihoyat oʻsha kun kelganida, sizga yetkazib beruvchilar qoʻngʻiroq qilib ayanchli xabarni yetkazdi…
YouTubeʼga joylangan videoda avtohalokat sodir boʻlgan paytda mashina ombordan avtosalonga olib ketilayotgan edi.
Kadrlarda yangi BMW M2 avtomashinasining dilerlik markaziga olib ketish vaqtida avtohalokatga uchrab orqa qismi jiddiy shikastlanganini koʻrish mumkin.
Uni buyurtma qilgan mijoz va yetkazib beruvchilarning “omadini” qarangki, bu dunyodagi birinchi shikastlangan G87 boʻlishi mumkin ekan.
BMW blogida yozilishicha, BMW M2 orqasida yarim tirkama boʻlgan va u mashinaga avtohalokat paytida shikast yetkazgan. BMW M2 oldinda ketayotgan Toyota RAV4ga borib urgan.
Baxtsiz hodisada mashina orqa bamperi, orqa chirogʻi, orqa qanot va biroz notoʻgʻri oʻrnatilgan orqa gʻildiragi shikastlab, tuzatish uchun anchayin ayanchli ahvolga kelib qolgan.
Yana bir taqdir hazili shundaki, Bruklin Grey rangidagi yangi BMW M2 shikastlangan vaqtda unga zavodda oʻrnatilgan himoya nakleykalari turgan edi.
Omadi chopmagan xaridorga esa, endi yana nomaʼlum muddat kutishi hisobiga yangi model yetkazib beriladi.
Ayni paytda halokatga uchragan BMW M2 qayta taʼmirlanib, ancha arzonroq narxga sotilishi mumkin.
Shunday ekan, agar siz 3,0 litrli, 453 ot kuchiga ega oltita qatorli dvigatel bilan jihozlangan hamyonbop BMW M2 mashinasini koʻrib qolsangiz, uni qayerdan kelganini adashmay topasiz.
Avvalroq Giglink.uz mutlaqo yaxshi holatdagi BMW E28 O‘zbekistonda ikkita iPhone qiymatida sotuvga qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.