Sunʼiy intellekt tasvirlari asl tarixni yoʻq qilishi mumkin
Raqamli tasvirlar oʻtmish va bugun haqida kelajakka notoʻgʻri maʼlumot berishi mumkin. Ayni paytda barchamiz SI (sunʼiy intellekt) yordamida yaratilayotgan tasvirlar real hayot va sanʼat haqida tushunchalarni oʻzgartirishi xavfi kuchaygan davr ostonasida turibmiz.
Sunʼiy intellektning yuksalishi
SI tomonidan yaratilgan sanʼat zamonaviy hayotning bir qismidir. Kompyuterda yaratilgan millionlab tasvirlar va sanʼat asarlari har kuni internetni to‘ldirib bormoqda. SI ijtimoiy tarmoqlarda tarqaladi va global xotirada saqlanadi. SI tez orada insoniyat raqamli tarixining bir qismiga aylandi, ammo u hali ham tasvir yaratishning individualligi va ijodkorligini qadrlaydiganlar uchun katta hissiy va tijoriy muammolarga sabab boʻlmoqda.
Taʼkidlanishicha, 1987-yilda yaratilganidan beri Photoshop raqamli tasvirlarni toʻliq nazorat qilishda fotografiyani qonuniylashtirilishiga olib keldi. Insonlarda fotoshop sanʼat asarlarini soxtalashishiga olib keladi, mazmunida qoʻrquv paydo boʻldi. Ushbu qoʻrquvlarni SI yanada kuchaytirmoqda va hatto fotoshop uning oldida oddiy bir instrument koʻrinishini oldi.
1950-yilda mashhur matematik Alan Tyuring kompyuterning aqlli fikrlash qobiliyatini aniqlovchi Tyuring testini asoslab berdi. Tyuring, agar kompyuter inson reaksiyalarini taqlid qilishni boshlasa, sunʼiy intellektga ega boʻlishi mumkinligini aytgan. 1955-yilda Stenford professori Jon Makkarti sunʼiy intellektning asoschilaridan biri sifatida eʼtirof etilgan. U sunʼiy intellektni “aqlli mashinalarni yaratish ilmi va texnologiyasi” deb taʼriflagan.
70 yil oʻtgach, ChatGPT til modeli, Midjourney va DALL-E kabi tasviriy dasturlari rivojlanishi bilan tez orada haqiqat va tasavvur oʻrtasidagi chegaralar xiralasha boshladi... va haqiqat xavf ostida qoladi.
Oʻzgarmagan tarix
“Minglab mahalliy amerikaliklarni suratga olish uchun 20 yillik sayohatda boʻlgan fotograf sifatida men tarixning oʻzgarib ketishidan xavotirdaman,” deydi fotograf Sheyn Balkovitsch.
Turtle Mountain Band of Chippewa qabilasi sudyasi Endyu Lester Laverdur yaqinda shunday dedi:
“Biz, yaʼni tub amerikaliklar hozir deyarli koʻrinmasmiz, bizning obrazimiz salbiy karikaturaga aylangan, romantiklashtirilgan va tobora asl holatini yoʻqotib bormoqda. SI yordamida ishlanayotgan tasvirlar esa mazkur jarayonni yanada tezlashtirmoqda. Men bundan qaygʻudaman. Taʼriflash qiyin boʻlgan qaygʻuni his qilmoqdamiz. Gʻazabdamiz”.
Misol uchun, Midjourney bugungi kunda sunʼiy intellektni qoʻllab-quvvatlaydigan eng mashhur tasvir generatorlaridan biridir. Bir nechta oddiy soʻzlarni kiritish orqali SI bir necha soniya ichida bir nechta tasvirlarni yaratishga qodir. “Taxminan 1800-yillarda Nyu-Meksikaning yoʻqolgan qabilasining timsoli” iborasini yozsangiz, muammo juda aniq boʻladi. Quyidagi tasvirlar shu tarzda Midjourney’da yaratilgan.
Muammo nimadaligini hali ham tushunmayotgan boʻlsangiz batafsil izoh beramiz. Tasodifiy tadqiqotchi yoki talaba uchun bu tasvirlar haqqoniy koʻrinadi. Ammo tarixchi va portret fotografining ziyrak nigohi bu yerda nimadir xatoligini anglaydi. Odatda qoʻllar SI dasturining qobiliyatsizligining yaqqol koʻrsatadi. Dasturiy taʼminot inson qoʻlida beshta barmoq boʻlishi kerakligini tushunmaydi. Generator shunchaki oldingi rasmlardan shablonlarni topadi va ularni dasturlashtirilgan kalit soʻzlarning yangi talqiniga aralashtiradi.
Bugungi tasvirlarning aksariyati bizning ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali tarqalmoqda. Ushbu tasvirlar juda ishonarli, chunki ularni yaratish usuli texnologik jihatdan haqqoniy koʻrinishga ega. Kichkina smartfon ekranida koʻrilganda fantastikani haqiqatdan ajratish yanada murakkablashadi. 100 yil oldin olingan deb taxmin qilingan tubjoy amerikalik portretidagi barmoqlar soniga diqqat qaratishga esa hamma ham hafsala qilavermaydi.
Dunyo tayyor emas
Bir vaqtning oʻzida qiziqarli va qoʻrqinchli tomoni shundaki, bu ilovalar favqulodda tez takomillashib bormoqda.
Bir yil oldin sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan haqqoniy koʻrinuvchi tasvirni topish qiyin edi.
Bugungi kunda bu sohadagi mutaxassislarning oʻzi ham osonlikcha aldanib qolmoqda.
Misol uchun, oʻzini “foto rassomi” deb eʼlon qilgan germaniyalik Boris Eldagsen yaqinda Jahon Fotosurat Tashkiloti tomonidan taqdim etilgan nufuzli Sony World Photography Awards mukofotini qoʻlga kiritdi. Ammo fotograf ishi sunʼiy intellekt tomonidan yaratilganligini taʼkidlab, mukofotdan bosh tortdi. Bu esa, biz allaqachon sunʼiy intellekt kelajagiga kelib boʻlganmiz. Ushbu tasvirlarni tasvirlash uchun yangi terminologiya ishlab chiqiladi. Eldagsen “prompt” (koʻrsatma, aytib turish) atamasini ishlab chiqdi, chunki bir necha yoki yuzlab “promptʼlar” yordamida sunʼiy intellekt tasvirini yaratadi.
Bu yerda muammo shundaki, mazkur tasvirlar qanday maqsadga xizmat qiladi? Analog va raqamli fotografiya uzoq oʻtmishga bir oyna boʻlib, uning mavjudligi dalili edi. SI tomonidan ixtiro qilingan obrazlar esa mavjud emas: ular raqamli “havodan” yasalgan, hech qachon mavjud boʻlmagan va boʻlmaydi ham. Generatsiya qilingan rasmlarda tasvirlangan odamlar hech qachon yashamagan.
Kelajak avlodlar bu soxta tasvirlarni tarixiy ahamiyatga ega materiallar sifatida eslab qoladimi? Tarixchilar bu qiyofa, raqs va marosimlarning haqiqiy qabilalarga tegishli boʻlgan yoki boʻlmaganligini tekshirib koʻrishadimi? Koʻpgina ekspertlar allaqachon bu borada jiddiy tashvish bildirishgan.
Oxir-oqibat, bu dasturlar real vaqt rejimida yangi tasvirlarni oʻrganadi. Shu nuqtada, SI ilgari yaratilgan SI tasvirlariga qaytadi, ularni takomillashtiradi va ularni yangicha talqinda ishlab chiqadi. Bu “odamxoʻr” taʼlim haqiqatni yanada xiralashtiradi. Kelgusida internetda haqiqiy fotosuratlardan koʻra koʻproq soxta tasvirlar paydo boʻlishi xavfi bor... Buni isboti sifatida, biz bir kunda fotografiyaning dastlabki 150 yilida olingan barcha fotosuratlardan koʻproq raqamli fotosuratlar ishlab chiqarishimizni aytishning oʻzi yetarli.
Tarixning kelajagi
Shunda savol tugʻiladi: bu biz bilgan tarixning oxirimi? “Raqamli materiallar, jumladan, asosiy tarixiy hujjatlar abadiy yoʻqolishi mumkin, chunki ularni koʻrish dasturlari oʻz faoliyatini toʻxtatadi”, degandi 2015-yilda Google vitse-prezidenti Vint Serf. Bizning raqamli fotosuratlarimiz eskirmoqda, bu esa sunʼiy intellektning internetni egallab olishi bilan yanada murakkablashadi. Kelajakda kim yoki nima asl tarixni yasama tarixdan ajrata oladi?
Avstriyalik analog fotograf Markus Xofstetter yaqinda barcha sunʼiy intellekt tasvirlari raqamli faylga oʻrnatilgan raqamli “watermark” belgilari qoʻyishni taklif qildi. Bu haqiqiy tasvirlarga nisbatan kompyuterda yaratilgan tasvirlarni aniqlashni osonlashtiradi. Shuningdek, sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan tasvirlar mavjudligini aniqlaydigan sunʼiy intellekt dasturlarini ishlab chiqish ham yechim boʻlishi mumkin, bu esa sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan tasvirlarning asl tasvirlar oqimiga kirib kelishiga yoʻl qoʻymaydi.
Uolt Kelli komiksining anti-qahramoni Pogo shunday deydi: “Biz dushmanni uchratdik va u bizmiz”. Fransuz rassomi Pol Delarosh 1840-yilda birinchi dagerreotipni koʻrib: “Bugundan boshlab rassomchilik oʻlikdir!” — degandi.
Rassomlar texnologiya yutuqlaridan hayratda qolishgan, chunki bu ularning oʻziga xos sanʼatiga taalluqlidir, ammo barcha narsa oʻzgarishda davom etadi va biz ham biz rivojlanishda davom etamiz. Ijod olamida sunʼiy intellekt tufayli yuzaga kelgan tartibsizlik oxir-oqibat assimilyatsiya, internalizatsiya va nazorat qilish orqali yoʻqoladi.
SI qanchalik real xavflar keltirib chiqarayotgan boʻlmasin, oʻz navbatida, kuchli vosita ham boʻlishi mumkin. Bizda ayni paytda SI generatsiya tezligi natijasida yuzaga kelgan maʼlum bir madaniy, ijodiy va kontekstual muammo bor. Ammo, har qanday taraqqiyotda boʻlgani kabi, oʻrganishning eng qiyin qismi bu tajriba orttirishdir.
“Tarix — uni oʻzgartirish uchun juda kam buyuklik qiladi; lekin har birimiz voqealarning kichik bir qismini oʻzgartirishimiz mumkin va bu yigʻilib bir avlodning tarixini yaratadi,” — Robert Kennedi.
Maqola ingliz tilidan Giglink.uz uchun tarjima qilindi.
Maqola mualliflari: Sheyn Balkovitsch — hoʻl plastinkada kollodiy bilan ishlaydigan fotosuratchi. Uning raqamli kamerasi yoʻq va faqat analogdan foydalanadi. Sheyn dunyoning 64 ta muzeyida, jumladan, Smitson instituti, Kongress kutubxonasi, Oksford universitetidagi Pitt Rivers muzeyi va Buyuk Britaniyadagi Qirollik fotograflar jamiyatida asl plastinkalarga ega. “Shimoliy tekisliklarning tub amerikaliklari: zamonaviy nam plastinkaga nigoh” — 1000 nafar tub amerikaliklar tasvirlari jamlanmasini ishlab chiqqan.
Gerbert Asherman (1947-yilda tugʻilgan) amerikalik eng mashhur portret fotosuratchisi. 1975-yilda oʻzining portret studiyasini ochganidan beri Herb uchta prezidentni, 200 dan ortiq mahalliy rassomlarni, 750 Shimoliy tekislikdagi tub amerikaliklarni suratga oldi va yigirma yil davomida Klivlend orkestri uchun portret fotografi boʻlib ishlaydi. Oʻzining 47 yillik faoliyati davomida Herb 9000 dan ortiq qora-oq kino portretlarini yaratdi. Soʻnggi yigirma uch yil davomida Herb 8 x 10 Deardorff koʻrish kamerasi bilan ishladi. Herb kutubxonasida 2385 ta fotografiya kitoblari mavjud.