Geometrik qonunlarni “buzadigan” velosiped ixtiro qilindi
Navbatdagi texnologik yangilikni aytishdan oldin sizga shunday savol beramiz: toʻrtburchak buyum aylanishi mumkinmi?
Dezeen texnologik manbasining maʼlum qilishicha, muhandis va “kontent yaratuvchi” Sergey Gordeyev qayta ishlangan mahsulotlardan toʻrtburchak gʻildirakli velosiped yasadi. Velosiped mutlaqo foydalanish uchun yaroqli va uzoq vaqt haydashga chidamli.
Ekologik zararsiz transport qanday yasalgani va yurishini quyidagi videoda batafsil koʻrishingiz mumkin:
Shunisi qiziqki, toʻrtburchak gʻildiraklar aylanadi. Toʻrtburchakni ham aylana qilib yuborgan bunday texnikaning siri esa shinalar ostidagi burchaklarga ayyorona tarzda berkitilgan toʻrtta velosiped yulduzida. Aynan ular zanjirlarning harakatlanishini taʼminlaydi va bunda gʻildirak oʻqining oʻzi harakatsiz qoladi.
Gordeyev bunday velosiped bilan koʻcha-koʻyda odamlarning hayratlanarli va qiziqib qaragan nigohlari ostida qolish mumkinligini aytgan. Albatta, kontent yaratishga ishqiboz muhandis bloger uchun bu muhim va oson. Faqatgina, bu imkoniyat boshqalarga nasib etishi dargumon, chunki velosiped atigi bitta nusxada taqdim etilgan.
Avvalroq Giglink.uz yo‘lda adashib qolmaslikni ta’minlaydigan, Wi-Fi, Bluetooth, raqamli kamera va lazer proyektorlariga ega Samsung Smart Bike haqida xabar bergan edi.