“Ilon Mask Stiv Jobs boʻla olmadi”: Tesla rahbarini ishdan boʻshashini soʻrashmoqda
Bir guruh Tesla sarmoyadorlari ochiq xatda kompaniya bosh direktori Ilon Maskni Twitter kabi boshqa kompaniyalari oldidagi majburiyatlarga haddan tashqari koʻp vaqt ajratayotganini aytib noroziligini bildirdi.
Hujjat Business Insider nashrida chop etilgan.
Direktorlar kengashi raisi Robin Denholm va direktor Ira Erenpreisga yoʻllangan ochiq xatda Teslaʼning taxminan 1,5 milliard dollarlik aksiyalariga egalik qiluvchi 17 ta aksiyadorlar bosh direktorni almashtirishni soʻrab murojaat qilgan.
“Agar bosh direktor chalgʻigan yoki boshqa biznesga haddan tashqari eʼtibor qaratgan boʻlsa, direktorlar kengashi aralashishi mumkin va kerak”, deyiladi maktubda.
Murojaat mualliflarining fikricha, Tesla kompaniyasiga “yetarlicha vaqt va eʼtibor beradigan” bosh direktor kerak. Tesla investori Ross Gerber murojaatni izohlar ekan, Tesla “haqiqatan ham oʻzining [Apple asoschisi] Stiv Jobsiga yoki hech boʻlmaganda toʻliq stavkada ishlaydigan bosh direktorga muhtoj” ekanligini taʼkidlagan.
“Toʻliq stavkada ishlaydigan bosh direktor va direktorlar kengashi mazmunli nazoratni taʼminlashga tayyor boʻlmasa, biz Tesla elektr transport vositalarini sotish boʻyicha oʻsib borayotgan raqobat muhitini samarali boshqarishga tayyor boʻlmay qolishidan xavotirdamiz”, qoʻshimcha qilingan maktubda.
Tesla kompaniyasining uzoq yillik sarmoyadori Ross Gerber ham Maskning katta stress holatida ekanligini hisobga olgan holda Teslaʼga bosh direktorlik uchun potensial vorisi izlashni boshlashi kerakligini aytgandi.
Avvalroq Giglink.uz Ilon Mask haqiqat izlayotgani va shu maqsadda TruthGPT’ni ishga tushirmoqchi ekanligi haqida xabar bergandi.