Windows 12 uchun kamida 8 GB operativ xotira kerak boʻladi
Windows 12 avvalgisiga nisbatan operativ xotirada ikki baravar koʻproq, yaʼni 8 gacha boʻlgan joy talab qiladi.
Windows 12 ning chiqarilishi haqida gapirishga hali erta, biroq u haqidagi ilk maʼlumotlar allaqachon tarmoq boʻylab tarqaldi. Germaniyaning Deskmodder portali boʻlajak operatsion tizimning baʼzi tizim talablarini maʼlum qildi. Aniq boʻlishicha, Windows 11ni 12-siga oʻzgartirishdan oldin kompyuter xotirasini yangilashga, aniqrogʻi, kengaytirishga toʻgʻri kelar ekan.
Mish-mishlarga koʻra, Microsoft ham xuddi shunday tartibni SSD disk uchun qoʻllashi mumkin. Shu bilan birga, MSDT va VBScript vositalarining “qisqartirilgani” haqida xabar berilgan.
Windows 12 operatsion tizimi Ryzen 6000 mobil chiplari bilan birga taqdim etilgan Pluton protsessorini qoʻllab-quvvatlaydi. Qaysi protsessorlar boʻlajak OTga mos kelishi hozircha nomaʼlum, biroq insayderlarga koʻra, bu roʻyxat Windows 11 bilan deyarli bir xil boʻladi.
Windows 12 Intelning 14-avlod (Meteor Lake-S oilasi) protsessorlari bilan bir vaqtda, ehtimol 2024-yilning ikkinchi yarmida eʼlon qilinishi kutilmoqda. Microsoft kompaniyasining mahsulotlar boʻyicha bosh direktori Panos Panayning soʻzlariga koʻra, operatsion tizim asosan bulutli xizmatlar va turli sunʼiy intellekt vositalariga tayanadi.
Oldinroq Windows 11da sezilarli oʻzgartirishlar paydo boʻlgani maʼlum qilingan edi.