Oʻzbekistonda sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalar uchun tanlov eʼlon qilindi
Umumiy sovrin jamgʻarmasi 1 mln dollar bo‘lgan tanlov uchun arizalar qabuli 1-maydan boshlanadi. Tanlov va xakatonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etishi mumkin.
“President Tech Award” — raqamli texnologiyalar sohasidagi eng ilgʻor startap loyihalarini aniqlashga bagʻishlangan tanlov.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023-yil 15-fevral oyida ommaviy axborot vositalarida “Prezident Tech Award” tanlovi oʻtkazilishi haqida qaror imzolandi.
Yo‘nalishlar
Tanlov uchun loyihalar quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha saralab olinadi:
- Sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalar;
- Ijtimoiy sohada raqamli texnologiyalar;
- Axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi texnologiyalar;
- Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;
- Kompyuter va mobil oʻyinlar
72 soat ichida raqamli yechim yaratishni nazarda tutuvchi Xakaton Gran-prisi esa maxsus yoʻnalishga aylanadi.
Tanlov ishtirokchilariga bir vaqtning oʻzida asosiy yoʻnalishlardan birida va xakatonda ishtirok etishga ruxsat beriladi.
Tanlovning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha gʻoliblar ommaviy ovoz berish yoʻli bilan, xakaton (maxsus yoʻnalish) gʻoliblari esa mustaqil kompaniya tomonidan aniqlanadi.
Sovrin va mukofotlash
Umumiy sovrin jamgʻarmasi 1 million dollarni tashkil etadi.
- Xakatonda faqat bitta gʻolib jamoa boʻladi. Pul mukofoti – 100 000 AQSh dollari.
Asosiy yoʻnalishning har bir toifasi boʻyicha sovrin jamgʻarmasi quyidagicha taqsimlanadi:
- 1-oʻrin — 100 000 AQSh dollari;
- 2-oʻrin — 50 000 AQSh dollari;
- 3-oʻrin — 30 000 AQSh dollari.
“President Tech Award” uchun arizalarni qabul qilish 1-mayda boshlanadi va 1-iyulda tugaydi. Arizalarni dastlabki saralash jarayoni 1-iyuldan 25-iyulgacha, gʻoliblarni aniqlash va taqdirlash – 20-noyabrdan 25-dekabrgacha boʻlib oʻtadi.
Ayni paytda tanlovning awards.gov.uz domeni ostidagi maxsus platformasi ishlab chiqish jarayonida.
Ma’lumot uchun, 3-10 aprel kunlari O‘zbekistonda kibersportchilar uchun sovrin jamg‘armasi 332 mln so‘m bo‘lgan tanlov bo‘lib o‘tgan edi.