Jek Ma Alibaba Group Ltd. rahbarligidan ketib o‘qituvchilik qilishga qaror qildi
Alibaba Group Ltd. asoschilaridan hisoblangan Jek Ma nafaqaga chiqqani va yoʻnalishini butunlay oʻzgartirib Tokio universitetida professor sifatida maʼruza oʻqishini maʼlum qildi.
58 yoshli Jek Ma 1-maydan boshlab oʻzining yangi lavozimiga kirishadi va bir qancha sohalarda hissa qoʻshishi kutilmoqda. U, xususan, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat ishlab chiqarish sohalarida maslahat beradi va tadqiqot olib boradi. Shuningdek, u tadbirkorlik va innovatsiyalar boʻyicha seminarlar oʻtkazadi.
Jek Ma 2020-yilda Xitoy hukumatini tanqid qilganidan soʻng ancha payt koʻzdan gʻoyib boʻlgan va Alibaba shoʻba korxonasi Ant Group Co. tashkilotining ham ilk aksiyalari joriy qilinmay qolgandi.
Uni soʻnggi ikki yil ichida Gollandiya, Ispaniya, Avstraliya, Tailand va Yaponiyada koʻrishgan. Milliarder mart oyida Xitoyning Xanchjou shahrida yana paydo boʻldi. Ma xorijda yashashni tanladi va oʻz kompaniyalarini tark etishga sabab qilib qishloq xoʻjaligi texnologiyalari tadqiqotlariga eʼtibor qaratishini aytgan.
“Uning biznesmen sifatidagi karyerasi nihoyasiga yetganga oʻxshaydi”, dedi LightStream Research tahlilchisi Oshadxi Kumarasiri.
“U ilgari ingliz tili oʻqituvchisi boʻlib ishlagan va biznesni tark etgach yana oʻqituvchilikka qaytish istagini bildirdi”.
Avvalroq bir guruh Tesla sarmoyadorlari kompaniya bosh direktori Ilon Maskni Twitter kabi boshqa kompaniyalari oldidagi majburiyatlarga haddan tashqari koʻp vaqt ajratayotganini aytib ishdan bo‘shashini talab qilishgani xabar berilgandi.