iPhone 15 rasmlari internetda tarqaldi
iPhoneʼning navbatdagi rusumi mutlaqo yangi rang va dizaynda boʻlishi taxmin qilinmoqda.
Apple har bir yangi modelida iloji boricha “wow” effekti yaratishga harakat qiladi. Lekin negadir bu odatda smartfon rangi yoki oʻlchami kabi xususiyatlar bilan cheklanib qolaveradi. iPhone bu safar ham shu anʼanaga sodiq qolishi mumkin, deb sizni hafsalangizni pir qilmoqchi emasmiz, chunki sentyabrda anʼanaviy taqdimoti boʻlib oʻtadigan iPhone 15 ranglari haqiqatda sizni hayratlantiradi.
Rang boʻyicha anchayin mutaxassis boʻlib qolgan Apple, iPhone 14 Proʻni toʻq binafsha, iPhone 14 ni oʻzini esa binafsha rangda taqdim qilgan edi. Tan olish kerak, oldingi interatsiyasidan funksional jihatidan katta farq qilmaydigan 14 modellarining aynan rangi smartfonlarning yaxshi kutib olinishida ahamiyatga ega boʻldi.
9T5MAC nashrining maʼlum qilishicha, nomaʼlum manba orqali yangi iPhone 15 va 15 Pro modellari render rasmi tarqalgan. Yangi modellar toʻq qizil rangda boʻladi (#410D0D — “toʻq siyena” tusli rang).
iPhone 15 standart modellari esa, toʻq pushti va musaffo osmon rangida boʻladi. #CE3C6C raqamli pushti rang toʻqroq tusga ega boʻlib, “telemagenta”, deb nomlangan. Musaffo osmon rangidagi koʻk tus esa #4DB1E2 kod bilan koʻk “pikton”, deb nomlangan.
Mazkur ranglar palitrasi anʼanaviy qora, oq va qizil ranglari bilan taqdim qilinadi. Eʼtiborli jihati, 15 ning toʻq qizil rang tusi shu paytgacha hech qaysi Apple soatlari yoki smartfonlarida uchramagan, deyilmoqda.
Odatda model rasman taqdim qilinishigacha uning bir necha marta oʻzgartirilishini hisobga olsak, mazkur taqdim qilingan ranglar oxirgi variant boʻlmasligi mumkin.
Kompaniya mart oyida iPhone 15-ʼni ishlab chiqarishning EVT bosqichini (muhandislik testlarini) boshlaydi.