Call of Duty ”boshiga yetgan” yigitning oilasiga 5 million dollar toʻlandi
Ikki Call of Duty ishqibozlari o‘rtasidagi janjal tufayli politsiyachilar tomonidan adashib o‘ldirilgan 28 yoshli Endryu Finchning oilasi sud orqali 5 million dollar (taxminan 57 milliard so‘m) undirdi.
Bundan naq 5 yil avval, aniqrog’i 2017-yilda AQShning Kanzas shtati politsiya bo‘limiga o‘spirin yigit telefon qilib, uning otasini qurolli shaxs otib o‘ldirgani, uyida onasi, ukasi va singlisini garovda ushlab turganini aytadi. Aytilgan manzilga zudlikda yetib kelgan politsiya xech qanday quroli yo‘q 28 yoshli Endryu Finchni ko‘radi xolos. Biroq, politsiya buyrug‘iga bo‘ysunmagan Endryu o‘qqa tutilgan va halok bo‘lgan.
Aslida esa, kech ma’lum bo‘lgan tafsilotlarga ko‘ra, Finch o‘zi mutlaqo aloqador bo‘lmagan voqea qurboniga aylangan. Politsiya Finchning uyiga Keysi Vayner va Sheyn Gaskill ismli ikkita Call of Duty o‘yinchilari o‘rtasidagi janjal tufayli kelib qolgan. O‘yinga berilib ketgan yigitlar o‘zaro kelishmay qoladi va Gaskill o‘zining soxta manzilini aytib Vaynerni go‘yoki o‘zining uyiga “razbor”ga chaqiradi. Vayner esa "swotting" (politsiya otryadlarini yolg‘ondan chaqirish) bilan shug‘ullanadigan do‘sti Tayler Barris yordamida politsiyani ko‘rsatilgan manzilga yuborib, Gaskillning “ta’zirini berib qo‘yishga” qaror qiladi.
Shu tariqa, politsiya voqeaga umuman aloqasi bo‘lmagan Finchni uyiga kelib qoladi va qurollangan politsiyachilarni ko‘rib sarosimaga tushgan fuqaroni qotil deb o‘ylagan harbiylar unga o‘q uzadi…Marhumning xotini va ikki farzandi bor.
Nihoyat 2019-yilda bo‘lib o‘tgan sud “swotter” Tayler Barrisni 20 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. U 2015-yildan beri yolg‘on qo‘ng‘iroqlar uyishtirish bilan shug‘ullanishini tan oldi. Call of Duty fanatlari bo‘lgan Keysi Vayner esa 15 oylik qamoq jazosi va 2500 dollar jarimaga hukm qilindi hamda ikki yilga onlayn o‘yinlar o‘ynashdan chetlashtirildi.
Oldinroq Giglink.uz Counter-Strike 2 o‘yini 11 yil deganda katta yangilanish bilan taqdim qilingani haqida xabar bergandi. Batafsil: https://giglink.uz/p/1905840