Yangi Windows 11 sizni qanday kuzatadi?
Oxirgi bir necha yillarda Microsoft kompaniyasini foydalanuvchilar maʼlumotlari xavfsizligiga dahl qilganlikda ayblab kelishmoqda. PC Security Channel (TPCSC) kanalidagi videoga ko‘ra, OSʼning so‘nggi Redmond versiyasi "uchiga chiqqan josus" hisoblanadi.
Windows 11 josuslik qiladimi? deb atalgan videoda Live capture orqali Windows va tashqi serverlar o‘rtasidagi onlayn bog‘liqlik borligini ko‘rish mumkin. Videoni olgan kishi tarmoq protokollarini tahlil qiluvchi bepul va mashhur Wiresharkʼdan foydalangan. Bunda tarmoqdagi holatlar eng mayda detallarigacha ko‘rinadi.
Wireshark mutlaqo yangi noutbukda Windows 11 yangi nusxasini ishga tushirishganidan so‘ng OS (Operation System — operatsion tizim) foydalanuvchi ruxsatisiz tashqi tarmoqlarga ulanib olishga urinib boshlaganini aniqlagan.
Sodda qilib aytganda, Windows 11 o‘rnatilgan kompyuter biror ilovaga kirish/yuklash tugul internetga ulanishsiz, shunchaki qurilmada bo‘lgani zahotiyoq maʼlumotlarni uzatishni boshlaydi.
DNS trafik tahlilida TPCSC shuni aniqladiki, Windows 11 Microsoft tomonidan taqdim etilgan MSN, Bing qidiruv tizimi va Windows yangilanish markazi kabi onlayn servislarga ulanib olgan.
Veb-sahifalarga kirish chog‘idagi boshlang‘ich DNS so‘rovlarning ko‘plari “telemetrik” maʼlumotlar sirasiga kirib, OS bozor tahlili bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, reklama provayderlari va http://geo.prod.do kabi geolokatsiya bilan bog‘liq domenlar foydalanadigan maʼlumotlarni tashkil qilgan.
Telemetriya — kuchlanish, quvvat, bosim, sath, balandlik, organizmning biologik ko‘rsatkichlari, meteorologik maʼlumotlar va boshqa o‘lchamlarni telemexanika vositalari orqali masofadan turib o‘lchash. Bevosita o‘lchash ishlari datchik yordamida amalga oshiriladi; olingan maʼlumotlar avtomatik tarzda (odatda kodlangan radiosignallar ko‘rinishida) aloqa kanallari bo‘yicha qabul qilish qurilmasiga uzatiladi. Bu yerda maʼlumotlar qayd qilinib, ishlab chiqiladi.
TPCSC taxminiga ko‘ra, yangi operatsion tizim ilk ishga tushishi bilanoq foydalanuvchilarning barcha maʼlumotlarini kuzatishga mo‘ljallangan. Bunda foydalanuvchi hech qanday qarshilik qila olmaydi.
Tizim xavfsizlik darajasini taqqoslash maqsadida YouTube kanali 2001-yilda chiqarilgan Windows XPʼni Wireshark orqali tekshirib ko‘rdi. Natijaga ko‘ra, Windows XP hattoki “telemetriya” so‘zini bilmaydi, ishga tushganida amalga oshirgan ilk harakati esa Windows yangilanish xizmatiga ulanish bo‘lgan xolos, hech qanday kuzatish yoki maʼlumotlarga kirishga intilish kuzatilmagan.
Baʼzi bir kishilar Windows 11 harakatini oqlashga harakat qilib, go‘yoki u yaxshiroq ishlashi uchun, yoki o‘zini-o‘zi monetizatsiyalash maqsadida reklama kompaniyalariga to‘g‘ri reklama namoyish qilishiga zarur maʼlumotlarni beradi, uzatilayotgan maʼlumotlar mutlaqo xavfsiz, deyishmoqda.
TPCSC o‘z maʼlumotlari xavfsizligi haqida qayg‘uradigan foydalanuvchilarni ogohlantirar ekan, Windows 11 tashqi qurilmalar yordamida «telemetriyasi» o‘chirilgan taqdirda ham maʼlumotlarni bir tekis yuborishda davom etavergan.