Google Translate’da yangilik: rasmdagi matn tarjimasi rasm koʻrinishida oʻzgaradi
Google oʻz tarjimonining imkoniyatlarini kengaytirib rasmlardagi matnlarni rasmni ichida tarjima qilish funksiyasini qoʻshdi.
Hammamiz yaxshi bilamiz, shu paytgacha Google Translate yoki Yandex Translateʼda rasmli tarjima funksiyasi bor edi. Bunda rasmdagi matn tarjimasi matn koʻrinishida taqdim etilardi. Endi bu tarjima rasmning oʻzida amalga oshiriladigan boʻldi.
Endi tarjima qilingan matnli rasmni toʻgʻridan-toʻgʻri yuklab olishingiz ham mumkin (yaxshiroq tasavvur qilishingiz uchun xabardagi rasmga qarang).
Google Lensʼdan farqli ravishda, tarjimonga rasmni kompyuteringizda saqlangan foto-fayllar orasidan tanlashingiz mumkin, yoki bir oynadagi rasmni Google Translateʼning brauzerda ochilgan oynasiga sichqoncha orqali surib yuklasangiz ham boʻladi. Shundan soʻng, siz matnni qaysi tilga tarjima qilmoqchi boʻlsangiz, oʻsha tilni tanlaysiz.
Tarjima natijasi yangi rasm sifatida koʻrsatiladi — xohlasangiz uni yuklab olib foydalaning.
Yaxshi tarafi — xuddi Photoshop kabi rasm matni oʻzgaradi. Rasmni ortiqcha belgisiz (watermark) yuklab olishingiz mumkin.
Biroq, mazkur funksiya hozircha Google Translate veb versiyasida ishlaydi, yaʼni brauzer orqali kirib foydalanishingiz mumkin — https://translate.google.com/