Texnologiya qayerga qarab ketmoqda? 2023-yilda trendga aylanadigan texnologik yangiliklar

Hoynayoy, siz mazkur yilda ham Ilon Mask rahbarligidagi Twitter mojarolari, FTX’larning sinishi, sun’iy yo’ldoshlar bilan muloqot qiluvchi smartfonlar yoki diplom ishini yozib bera oladigan sun’iy idrok (AI) eng so’nggi yangiliklar qatorida tursa kerak, deb o’yladingiz.

Kichik spoiler qilamiz: yuqoridagilar shunchaki holva, 2023-yil texnologiya olami yaxshi va yomon syurprizlarga boy bo’ladi. Ular haqida batafsil aytishdan oldin texnologiya olami pandemiya, undan keyingi ijtimoiy-siyosiy voqealar natijasida bir talay chayqalishlarga uchragani va ularning asorati hozirgacha ketmaganini eslatib qo’ymoqchimiz.

Metaolamga nima bo’lyapti? 

Avvaliga barchani hayratlantirgan Meta dunyo o’tgan yilning oxirida bir qancha muammolarga uchradi. Shundan so’ng ko’pchilik uni muvaffaqqiyatsiz loyiha deb ishongan edi, biroq bunga hozircha erta. 

Noyabr oyida 11 000 nafar xodimini ishdan bo’shatgan Meta kompaniyasi kelajagi haqida o’tkazilgan so’rovnomada ishtirok etgan 9 000 kishining yarmi metaolamning faol foydalanuvchisi bo’lishni istashini aytgan. 

Bundan tashqari, Metaolam uchun ishlab chiqarilayotgan garnituralar funksionallashib bormoqda. Xususan, HTC Vive VR garnituralari Quest 2ni ortda qoldirib ketishi kutilmoqda. Sharp va Canon ham ayni paytda metaolam eshigini “taqillatishga” tayyor. 

Bu hali hammasi emas, mazkur yilda, nihoyat, Apple muxlislarini hayratga solishi taxmin qilinmoqda. Kim bilsin, balki endi iPhone15 emas yangi Apple VR ochkilari uchun kredit olarmiz…

Kompaniyalar allaqachon AR va VR kabi metaverse texnologiyalaridan foydalanmoqda va bu tendensiya 2023-yilda tezlashadi. Konsalting giganti Accenture allaqachon Nth Floor deb nomlangan metaolam muhitini yaratgan. Ushbu virtual dunyoda haqiqiy Accenture ofislarining nusxalari mavjud, unda xodimlar jismonan ofisga kelmasdan vazifalarni bajarishlari mumkin. 

Our lives “Matter” – aqlli uylar uchun texnologik qulayliklar

2022-yilda ishlab chiqilgan, xonadondagi barcha qurilmalarni (aqlli chiroq, televizor, video qo’ng’iroq va hokazo) yagona tizimda boshqarish imkonini beruvchi Matter ishlab chiqildi. U orqali siz uyingizdagi texnikangizni istalgan ovozli yordamchi yoki platforma orqali boshqarishingiz mumkin. 

Biroq Matter taqdimoti negadir bir necha oyga kechiktirildi. Keyinchalik taqdim etilgan mahsulotlar esa bir qator kamchiliklarga ega edi. Mazkur yilda esa aynan Google Home, iPhone Home, SmartThings orqali boshqariladigan ko’plab xonadonlar uchun aqlli texnologiyalar muvaffaqqiyatli taqdim etilishi kutilmoqda. 

USB-C zaryadlash qurilmasi bilan Yevropa Ittifoqidan “oq bayroq” olgan Apple 2023-yilda iPhone modellarida zaryadlash garniturasini o’zgartirishi kutilmoqda.

“O’zingga ehtiyot bo’l, qo’shningni o’gri tutma” – 2023-yilda axborot xavfsizligi yaxshilanadimi?

2023-yil global texnologik ko’rgazmada garchi Apple, Samsung, Meta kabi yorqin gadjetlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar asosiy e’tibor markazida bo’lsa ham, kiberxavfsizlikka ixtisoslashgan brendlarga talab doimo yuqori. 

O’tgan yili internet Robin Gudlariga aylangan Anonymous hakerlar guruhining qilgan ishlari haqida eshitgan bo’lsangiz kerak. Aynan ular juda ko’p tizimlarga qizil chiroq vazifasini o’tadi. Bundan tashqari, ishonchli deb qabul qilingan LastPass ham u darajada mustahkam emasligi ma’lum bo’lib qoldi. Turli firibgarlar tomonidan ma’lumotlar, hisob raqamlari o’marildi, shaxs va brendga tahdid kuchayib ketdi. 

Shu sababli mazkur yilda texnologik kompaniyalar axborot xavfsizligiga doir yechimlarini ko’z-ko’z qilishga intilishadi. Bu oddiy pochtadan tortib poyezd yoki elektromobillar tizimi xavfsizligi uchun talabgir bo’ladi.

Sun’iy idrok inson ongidan o’zib ketadi(mi)?

2023-yilda sun’iy idrok kompaniyalarda keng qo’llanila boshlaydi. Ayni paytda u ulgurji onlayn savdoda ishlatilmoqda. Stitch Fix o’z mijozlariga o’lcham, rang va uslubdagi kiyimlarni topishda AI algoritmlaridan foydalanadi. 

Endilikda sun’iy intellektni yetkazib berish, avtonom va vositasiz xaridlarda joriy qilish tendensiyaga aylanadi. AI to’lov qilish va mahsulotni tanlash jarayonlarini soddalashtiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ommalashib ketgan grafik suratlarga ko’zingiz tushgani aniq. Lensa nomli AI yordamida generatsiya qilingan mazkur rasmlarni siz ham sotib olgansiz, hoynahoy. 

Balki ikki og’iz foydali ma’lumot olish uchun ChatGPT bilan suhbatlashishga ham ulgurgansiz? — bular sun’iy intellekt beradigan imkoniyatlarning “xamiri uchidan patiri”.

O’tgan yili, dekabr oyining boshida ChatGPT asoschisi bo’lgan OpenAI kompaniyasi sun’iy intellektni kengaytirish uchun bir nechta kompaniyalarga investitsiya kiritgani, inkubator dastur orqali yo’nalishlar va sohalarni ko’paytirishini ma’lum qilgan. Bu bilan sun’iy idrok turli sohalarda murojaatchi va muammoga yana ham asosli yondasha oladi, kerakli yechimni olish mukammalashadi.

Lekin rulni AI qo’liga to’liq berib qo’yish qanchalik to’g’ri? Bu masalada Yevropa Ittifoqi izlanmoqda. Chunki hozircha sun’iy idrokning yaxshilik yoki yomonlikka xizmat qilishi ma’lum emas. 2023-yilda mana shu savol ko’plab davra suhbatlari uchun asosiy mavzu bo’ladi.

Robotlar

Texnologiya deganda, albatta, tobora hayotimizga kirib borayotgan robotlarni aytib o’tish kerak. Ishlab chiqarish, avtomobil, xo’jalikda turli robotlashtirilgan texnikalardan foydalaniladi, robotlar hozirda qo’riqchi, yo’l patrul xodimi, yoki bolaga qarab turuvchi vazifasida ham sinab ko’rilgan. 

Mazkur yil texnologiya olamida robototexnika yangi bosqichga qadam qo’yishi kutilmoqda. 2022-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan Tesla AI kunida Ilon Mask ikkita Optimus gumanoid robotlari prototipini taqdim etdi va kompaniya yaqin 3-5 yil ichida buyurtmalar olishga tayyor bo‘lishini ma’lum qildi.

Bular hali hammasi emas, NFT, odamlarning virtual nusxalari, kriptoolam kabi “tanaffus bilmaydigan” mavzular talaygina. Demak, kuzatishda davom etamiz.

Mavzuga oid

Soʻnggi yangiliklar

Telegram mini-ilovalari endi telefoningizda to‘liq ekran rejimida ishlashi mumkin
Endi Telegram mini-ilovalari uchun yorliqlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefoningizning bosh ekraniga joylashtirishingiz mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar
18 noyabr, 23:55
Vivo Y18t yangi smartfoni atigi $90 bilan sotuvga chiqdi
Lekin tezkor quvvatlanish imkoniyati yo'q.
Smartfon
13 noyabr, 10:23
iPhone 15 - dunyodagi eng ko'p sotilayotgan smartfon, Samsung Galaxy S24 esa 10-o'rinda
Samsung smartfonlar bozorida yetakchilik o'rnini yo'qotmoqda - kompaniyaning jahon bozoridagi ulushi 21 foizdan 18 foizga tushdi
Smartfon
09 noyabr, 10:22
Galaxy S25 Slim modeli 200 megapiksellik "ultra kamera"ga ega bo'ladi - Insayderlar
Ushbu ma'lumot model rasmiy texnik xususiyatlari e'lon qilinishidan oldin paydo bo'ldi
Smartfon
09 noyabr, 10:04