Galaxy S23 Ultra go‘dakning “tishini chiqardi”
Ma’lum bo‘lishicha, Samsung S23 Ultra tasvirni qayta ishlashni haddan tashqari oshirib yubordi. Flagman kamerasi hali tishlari chiqmagan chaqaloqqa tish chizib berdi.
Twitter foydalanuvchisi Galaxy S23 Ultra’da kuzatgan qiziqarli holat bilan o‘rtoqlashdi. U flagmanning “Remaster"— tasvirni rasmga olish chog‘idayoq avtomatik qayta ishlash va sifatini yaxshilash funksiyasidan foydalanib ko‘rdi.
Flagman egasi Remaster filtri farzandining tasvirini yanada tiniqroq qilib berishi kutgan edi, albatta. Biroq, Samaung “mahorati” kutilganidan ham oshib tushdi: flagman yangi tug‘ilgan chaqaloqning yuzini tozalab, ranglarni bir qadar tiniq qilib… tilini o‘rniga tish “chizib” berdi. Holbuki, chaqaloqning hali tishi chiqmagan edi.
Samsung “Remaster” funksiyasi keraksiz soyalar va boshqa obyektlarni olib tashlash uchun xizmat qilishini aytgan edi. Kuzatuvchilar kompaniyaning boshqa smartfonlarini ham sinab ko‘rdi. Biroq faqatgina Galaxy S23 Ultra bo‘lmasligi kerak bo‘lgan narsani chizadi, oldingi modellarda “yo‘q tishni paydo qilish” kabi “qobiliyat” yo‘q ekan.
Galaxy S23 Ultra suratlarga ortiqcha ishlov berishda birinchi marta ayblanayotgani yo‘q. Foydalanuvchilar smartfonni Oyni sifatli suratga ololmasligini aniqlashgani haqida giglink.uz nashriyoti yozgan edi.