Namanganlik oʻqituvchi Damas va “VAZ-2106”dan sportkar yasadi
Uzoq yillardan buyon transport vositalari yasab kelayotgan Shuhratbek endi botqoqlik, tog‘li va boshqa notekis yo‘llarda bemalol harakatlana oladigan yo‘ltanlamas yaratdi. Uning boshqa bir loyihasiga esa, Innovatsiya vazirligi 76,5 mln so‘m investitsiya kiritgan.
“Xalq so‘zi” nashir bergan xabarda aytilishicha, Namangan viloyati Chust tumanidagi 11-umumtaʼlim maktabida jismoniy tarbiya muallimi boʻlib ishlab kelayotgan Shuhratbek Rahmonov avtomobilsozlik sohasida katta yutuqlarga erishmoqda. Avvaliga sportning erkin kurash turi bilan shugʻullanib, xalqaro miqyosdagi chempion darajasigacha koʻtarilgan bu inson oxirgi paytlarda yoshlikdan boʻlgan qiziqishi-texnika yoʻnalishidagi ixtirochilikka kirishib ketdi.
Yurtdoshimiz shu paytgacha yuk tashuvchi mototsikl, katta tezlikka moslashtirilgan kvadratsikl, kichik avtomashina koʻrinishidagi transportlarni qo‘lda tergan.
Shuhratbekning yana bir “Baggi” sport avtomobili o‘tgan yili Innovatsion rivojlanish agentligi eʼtiborini tortib amaliyotga tatbiq etish uchun 76,5 million soʻm mablagʻ ajratilgan.
Ixtirochi muallimning “Peredator” sportkari mutlaqo mahalliy butlovchi qismlardan terilgan boʻlib, uni yigʻishda “Damas”ning dvigateli hamda “Vaz-2106”ning uzatmalar qutisidan foydalanilgan. Peredator botqoqlik, tog‘li va boshqa notekis yo‘llarda bemalol harakatlana oladigan ixcham yo‘ltanlamas hisoblanadi.
Oldinroq boshqa bir yurtdoshimiz oʻzining Gentra avtomobilini Lamborghini’ga aylantirgan edi.