Ilon Mask Twitter profilini buzib kirgan xaker 3 yil o‘tib jazoga tortildi
Aybiga iqror boʻlgan OʻKonnor 5 yillik qamoq jazosini oldi. Shuningdek, TechCrunch maʼlumotlariga koʻra, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar uchun 794 ming dollar toʻlashga rozi boʻldi.
Nyu-York shahri federal sudi 24 yoshli britaniyalik Jozef Jeyms OʻKonnor — internetda PlugWalkJoe nomi bilan tanilgan xakerni kompyuterni buzish, elektron vositalar orqali firibgarlik, kiber taʼqib qilish va pul yuvishda kabi ayblovlar bilan hukm qildi.
OʻKonnor 2020-yilda Twitterʼdagi mashhur shaxslar, jumladan Elon Mask, Bill Geyts, Jeff Bezos, Jo Bayden, shuningdek, Apple, Uber va Binance kabi korporatsiyalarning akkauntlarini buzib kirgan xakerlar guruhining aʼzosi bo‘lgan.
Ijtimoiy muhandislik taktikasidan foydalangan holda, OʻKonnor Twitter infratuzilmasiga kirish huquqiga ega boʻlib, guruhning yana bir aʼzosi Grem Ivan Klarkga maʼmuriy vositalar yordamida profillarni egallashga imkon bergan. Keyin xakerlar ushbu akkauntlardan aldamchi kripto sxemalarini amalga oshirish uchun foydalangan va foydalanuvchilarni pulni ikki baravar qaytarib berish vaʼdasi bilan maʼlum bir kripto hamyonga yuborishga undagan.
OʻKonnor 2020-yilda Ispaniyada hibsga olingan va 2023-yil aprel oyida AQShga ekstraditsiya qilingan. Bu jinoyat Twitterʼni kiberxavfsizlik siyosatini kuchaytirishga va xodimlar uchun fishing hujumlarining oldini olish uchun maxsus “kalitlar”ni joriy etishga undadi.