Ilk bor quyosh energiyasi koinotdan Yerga uzatildi
Sinovning birinchi bosqichi doirasida olimlar texnologiya ishlayotganini isbotlashga muvaffaq boʻlishdi.
Avvalroq Yaponiya 2025-yilda koinotdan quyosh energiyasini to‘plab yerga yuborishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandik. Biroq bu salkam amalga oshib bo‘lmas fantastika ekanligi, sababi kerak bo‘lgan 1 GVt quvvat ishlab chiqaruvchi panel qiymati 7 mlrd dollarga tushishi aytilgandi.
Caltech (AQSh) olimlari esa tarixda birinchi marta quyosh energiyasini koinotdan Yerga muvaffaqiyatli uzatganligi haqida xabar berishdi.
Eksperimental orbital platforma mikrotoʻlqinli nurlanishni Pasadenadagi Kaltek kampusidagi muhandislik laboratoriyasi tomidagi qabul qiluvchiga qurilmaga uzatdi va bu koinotdan toza energiya olish imkoniyati mavjudligini isbotladi.
Loyihani amalga oshirish uchun amerikalik olimlar ilgʻor texnologiyalarni sinab koʻrish uchun bir vaqtning oʻzida uch xil tugun bilan jihozlangan Space Solar Power Demonstrator (SSPD-1) maxsus demonstrator qurilmasini koinotga uchirdi. Yanvar oyida koinotga ogʻirligi atigi 50 kg boʻlgan eksperimental orbital qurilma yuborilgan edi. Qurilma quyosh panellari orqali energiya toʻplagan, soʻngra uni mikrotoʻlqinli nurlanish koʻrinishida Yerga uzatgan.
Ayni paytda olimlar faqat MAPLE modulini sinovdan oʻtkazishdi — u koinotda quyosh energiyasini yigʻish, keyin uni mikrotoʻlqinli nurlanishga aylantirish va tegishli antennadan foydalanib, bu energiyani Yer yuzasida joylashgan qabul qiluvchiga uzatish imkonini beradi.
Afsuski, olimlar qancha quvvatga erishganliklarini hozircha aniqlamadilar, biroq bu juda kichikligi maʼlum — sinovlar doirasida ular asboblar panelidagi LEDni yoqish uchun ham yetarli boʻlmagan energiya olishdi. Biroq, olimlarning asosiy vazifasi texnologiyaning ishlashiga ishonch hosil qilish edi.