Samsung Galaxy S24 Ultra — Yarmi yillik tajribadan so‘ng: Bu sotib olishga arziydimi?

Samsung Galaxy S24 Ultra arzon emas — narxi 12 260 000 ming so‘mdan boshlanadi. Biroq, 2024 yilning kuzida bu sarmoya qanchalik o‘zini oqlaydi?

Yil yakuniga yetib bormoqda, barcha flagman smartfonlar bozorga chiqib bo‘ldi. iPhone 16 va Pixel 9 sotuvga chiqib bo‘ldi, Galaxy S24 Ultra esa o‘z o‘rnini bo‘shatishga tayyorlanmoqda. Yanvarda yangi Galaxy S25 Ultra taqdim etilishi kutilmoqda, va unga doir mish-mishlar internetda allaqachon keng tarqalgan.

Galaxy S24 Ultra narxi asta-sekin tushib bormoqda, bu esa uzoq vaqtdan beri uni orzu qilib yurganlar uchun yaxshi imkoniyat.

Lekin bozorda raqobat kuchayib boryapti, va yangi flagman atigi 4-5 oy ichida chiqishini hisobga olsak, hozir uni sotib olish qanchalik to‘g‘ri?

Bu savolga aniq javob berish oson emas. Sizga yordam berish uchun, biz Galaxy S24 Ultra’dan yarim yil davomida foydalanish tajribamizni jamlab, barcha taassurotlarimizni siz bilan bo‘lishishga qaror qildik.

Dizayn va qulaylik

Galaxy S24 Ultra o‘zining oldingi modellari bilan solishtirganda jiddiy o‘zgarishlar qilmagan. Titan ramka haqidagi shov-shuv shunchaki reklama bo‘lib chiqdi. Yaxshi tomoni – smartfon qalin va mustahkam ko‘rinsa-da, qo‘lda yaxshi turadi.

Ehtiyotkor odam sifatida ko‘p o‘tmay unga g‘ilof olish haqida o‘ylaysiz. Yaxshisi, g‘ilof tanlashda katta muammo yo‘q – qimmatidan arzonigacha bor. S24 Ultra ekranining tekis dizayni ko‘pchilikka yoqadi: himoya oynasi yoki plyonka yopishtirish ancha oson.

Ekranni tez-tez tozalashga to‘g‘ri keladi, chunki har 10-15 daqiqada izlar paydo bo‘lishi mumkin. Lekin mat plyonka bu muammoni ancha kamaytiradi. Rang berish sifati haqida gapiradigan bo‘lsak, Galaxy S24 Ultra ekraniga teng keladigani yo‘q – hali ham eng zo‘rlaridan biri.

Tezlik va ishlash kuchi

Galaxy S24 Ultra sakkiz oyda ham hech qanday eskirishni sezdirgani yo‘q va hali 2-3 yil yangilanishlardan ortda qolmaydi. Ichidagi Snapdragon 8 Gen 3 protsessori va 120 Gts ekran yangilanish tezligi bilan smartfon juda yaxshi ishlaydi. O‘yinlarni eng yuqori sozlamalarda ham bemalol, qotmagan holatda o‘ynash mumkin.

Ba'zilarga 12 GB tezkor xotira kamdek tuyulishi mumkin, lekin kundalik ishlatishda yetarli darajada. Agar kerak bo‘lsa, RAM Plus funksiyasi yordamida doimiy xotiradan yana 8 GB qo‘shib kengaytirish mumkin.

Barmoq izi skaneri ekran ostida juda qulay joylashgan – smartfonni qo‘lga olganingizda barmog‘ingiz avtomatik ravishda kerakli joyga tushadi. Yana bir qiziqarli imkoniyat – DeX funksiyasi. Galaxy S24 Ultra’ni monitorga ulasangiz, Android tizimidan katta ekranda foydalanishingiz mumkin.

Smartfon bilan birga S Pen stilusi ham keladi, va ko‘pchilik Galaxy S24 Ultra’ni aynan shu uchun tanlaydi. Stilus yordamida qo‘lyozma yozishingiz, rasmlar chizishingiz va skrinshot olishingiz mumkin. Hattoki stilusdagi tugma orqali kamerani masofadan boshqarish ham imkoni bor – juda qulay!

Kamera

Bu safar Samsung 10 martalik zoom o‘rniga 5 martalik optik zoom qo‘shgan, lekin yuqori aniqlikda. Bu o‘zgarish hamma uchun yoqmagan bo‘lsa-da, kamera sifati baribir oldingidek zo‘r. Lekin Samsung kameralarining rivojlanishi yildan-yilga sekinlashayotgani sezilmoqda.

Hozirda Google Pixel, Xiaomi va OnePlus flagmanlari kamerasi kuchli raqobatchiga aylangan, iPhone 15 Pro Max bilan solishtirganda ham katta farq sezilmaydi.

Sun’iy intellekt funksiyalari

Galaxy S24 Ultra yangi yangilanishlar bilan birga ko‘plab sun’iy intellekt imkoniyatlarini ham olib keldi. Masalan, sun’iy intellekt yordamida suratlardagi keraksiz narsalarni osongina olib tashlash yoki matnlarni uslubga moslashtirish mumkin. Biroq, bu funksiyalar faqat Samsung ilovalari orqali ishlashi biroz noqulaylik tug‘diradi.

Akkumulyator va quvvatlash

5000 mA/soat sig‘imli akkumulyatori bilan Galaxy S24 Ultra bir kun davomida bemalol ishlaydi. 45 Vt quvvatlash imkoniyati tufayli uni atigi yarim soatda 20% dan 80% gacha quvvatlash mumkin. Ammo ko‘plab Xitoy flagmanlari allaqachon 100 Vt va undan yuqori quvvatlashga o‘tib ketgan.

Bundan tashqari, Galaxy S24 Ultra 15 Vt simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi, lekin bu ko‘rsatkich Xitoy flagmanlarining ba’zilariga nisbatan biroz orqada.

Yakuniy xulosa

Galaxy S24 Ultra o‘zining ajoyib ekrani, qulay S Pen stilusi va kuchli ishlash qobiliyati bilan hanuz kuchli flagman bo‘lib qolmoqda. Biroq, raqobatchilar, ayniqsa kamera va quvvatlash jihatlarida, unga yaqinlashib kelishmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, Galaxy S24 Ultra Android dunyosida hali ham eng yaxshilardan biri sanaladi. Yangi S25 Ultra chiqishiga ozgina vaqt qolgan bo‘lsa ham, hozir uni sotib olish – yaxshi qaror. Axir bunday mukammal smartfonlar har doim ham uchrab turmaydi!

Mavzuga oid

Soʻnggi yangiliklar

Apple 2024 yilgi iPad mini 7 planshetini taqdim etdi: 128GB versiyasi 499 dollardan boshlandi
Apple’ning ta'kidlashicha, iPad mini 7 iPad mini 6-avlodga nisbatan 30% tezroq ishlaydi.
Texnologiya
15 oktabr, 21:11
Samsung Galaxy S24 Ultra — Yarmi yillik tajribadan so‘ng: Bu sotib olishga arziydimi?
Samsung Galaxy S24 Ultra arzon emas — narxi 12 260 000 ming so‘mdan boshlanadi. Biroq, 2024 yilning kuzida bu sarmoya qanchalik o‘zini oqlaydi?
Smartfon
13 oktabr, 11:45
Microsoft Android-smartfonlar uchun ilovalar doʻkonini ishga tushiradi
Microsoft, AQSh sudining qarori tufayli Google’ni Android tizimini uchinchi tomon ilovalar doʻkonlari foydalanishi uchun ochiqroq qilishga majbur qilish imkoniyatidan foydalanmoqda.
Texnologiya
13 oktabr, 09:47
Yangi Xiaomi 15 Pro smartfonining dastlabki renderlari paydo bo‘ldi.
Apple ham, Samsung ham dizaynini o‘zgartirayotgani yo‘q, va endi Xiaomi ham shu yo‘ldan bormoqda.
Smartfon
06 oktabr, 13:18