Oʻzbekistonda dronlardan foydalanish uchun ruxsatnoma qanday olinadi?
Yurtimizda dronlardan foydalanish tartibi, taqiqlar, ruxsatnoma olish va ruxsatnoma talab etilmaydigan modellar hamda jarimalar haqida batafsil.
Oʻzbekistonda 2015-yildan beri dronlardan foydalanish taqiqlangan. Kvadrokopter, dron yoki boshqa uchuvchisiz apparatlardan ruxsatnomasiz foydalanish qonunbuzarlik hisoblanib, bunda fuqarolar jarima yoki maʼmuriy qamoq jazosiga tortiladi.
Shuni taʼkidlash kerakki, ruxsat faqat yuridik shaxs tomonidan va faqat idoraviy vazifalarni bajarish uchun olinishi mumkin.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, dronlardan endilikda aholi yashamaydigan yo‘llarda qoidabuzarlikni aniqlash uchun ham foydalaniladi.
Ruxsatnomasiz ishlatish mumkin bo‘lgan modellar
Oʻyinchoq dron modellaridan ruxsatsiz foydalanish mumkin. Bunday dronlar bilan parvozlar 50 metrgacha balandlikda, aerodrom yoʻlaklaridan 150 metrdan yaqin boʻlmagan joyda, shuningdek, odamlardan xavfsiz masofada amalga oshirilishi kerak. Bu turdagi dronlar kameralarsiz ishga tushiriladi.
Ruxsatnoma uchun kimga murojaat qilish kerak?
Dronlarni olib kirish yoki ulardan foydalanishga ruxsatnomani olish Gosavianadzorga (Oʻzbekiston Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi) murojaat qilishingiz kerak. Bunda quyidagi hujjatlarni taqdim etish soʻraladi:
• drondan foydalanishga ruxsat olish uchun ariza;
• mulk huquqi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi;
• dron ishlab chiqaruvchi korxona pasporti nusxasi;
• foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma nusxasi;
• ariza beruvchining parvozlar boʻyicha qoʻllanmasi.
Bulardan oldin foydalanish uchun Vazirlar Mahkamasidan alohida ruxsatnoma olishingiz kerak boʻladi. Hujjatlar qogʻoz koʻrinishida yoki elektron pochta orqali bepul yuborilishi mumkin. Shundan soʻng, 10 kun ichida Gosavianadzor yo ruxsatnoma beradi yoki kamchiliklarni koʻrsatib soʻrovni rad etadi.
Talablar
Kvadrokopterning maksimal uchish ogʻirligi 25 kg dan oshmasligi kerak. Ariza topshirayotganda Gosavianadzor dronni texnik koʻrikdan oʻtkazadi va uning havoga koʻtarilishi hamda hech kimga zarar yetkazmasligini baholaydi. Agar dron barcha talablarga javob bersa, u holda u roʻyxatga olinadi, identifikatsiya raqami beriladi va maxsus reyestrga kiritiladi.
Ruxsatsiz ishlatishning oqibatlari
Tegishli ruxsatnomalarsiz dronni ishga tushirsangiz, juda omadingiz kelsa, eng kam oylik ish haqining (EKIH) 20 barobaridan 100 barobarigacha (1 = 920 ming soʻm) miqdorida jarima solinadi yoki dron musodara qilinadi va undan foydalangan shaxsga 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanadi.
Agar siz dronni ikkinchi marta ruxsatsiz ishga tushirsangiz, jarima EKIHning 100 dan 200 barobarigacha yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlariga tortiladi. Shuningdek, dron halokatga uchragan, odam halok boʻlgan yoki boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelgan taqdirda apparat egasi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Oldinroq Xitoyda suv va havoda birdek harakatlanadigan dron ishlab chiqilgani haqida xabar bergandik.