Shimoliy Koreya yangi ishlab chiqilgan suv osti yadroviy dronini sinovdan oʻtkazdi
Mazkur dron Haeil yoki “sunami” deb nomlangan. U dushman suvlarida yashirin hujumlar uyushtirish, suv osti portlashi orqali katta radioaktiv toʻlqin hosil qilish va dengiz zarbalari bilan asosiy portlarni yoʻq qilishga moʻljallangan.
Kim Chin In yangi yadroviy qurolga ega suv osti hujumi uchun moʻljallangan dronni sinovdan oʻtkazdi. Yangi droni sinov paytida 59 soatdan koʻproq vaqt davomida suv ostida 80-150 metr chuqurlikda harakatlangan va sharqiy sohildagi suvlarda yadroviy boʻlmagan yukni portlatib yuborgan.
Taʼkidlanishicha, yangi qurol qirgʻoq boʻyi hududlarida halokatli radioaktiv portlashlar yaratishga moʻljallangan ruslarning “Poseydon” quroliga oʻxshab ketadi. Biroq Janubiy Koreya va AQSh tahlilchilari KXDRning yangi yadroviy dron ishlab chiqqani haqidagi maʼlumotlarga shubha bilan qarashmoqda. Janubiy Koreya harbiy masʼullarining aytishicha, ular KXDRda bunday qurol borligining qanchalik haqiqatga yaqinligini koʻrib chiqmoqda. AQSh rasmiysi esa yadroviy sinovdan darak yoʻqligini aytdi.
“Ushbu yadroviy suv osti hujumi droni istalgan qirgʻoq va portga joylashtirilishi yoki foydalanish uchun yer usti kemasi tomonidan yetkazilishi mumkin”, qoʻshimcha qildi KXDR axborot agentligi.
Manbaga koʻra, sinovlarni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning oʻzi nazorat qilgan. Biroq hozirda Pxenyan tomonidan oʻzining kichikroq qurollariga sigʻishi uchun zarur boʻlgan kichraytirilgan yadro kallaklarini toʻliq ishlab chiqilgani haqida maʼlumot berilmagan.