Sunʼiy intellekt ishlab chiqqan uchar mashina reklamasi xaridorlarni osonlikcha “chuv tushirdi”
Aaron Lea umuman mavjud bo‘lmagan “Mohishwa JRR4 (1976)” uchar avtomobilining koʻz ilgʻamas darajada ishonarli reklamasini ishlab chiqdi va yuzlab xaridorlarni ishontirdi. Tasvirning soxtaligi aniq boʻlgach, reklamani joylagan foydalanuvchi Facebookʼdan chetlashtirildi.
Yaponiyada 1976-yilda ishlab chiqarilgan, deb aytilayotgan uchar Mohishwa JRR4 avtomobili Facebookʼda reklama qilindi. Reklama tasviri Midjourneyning soʻnggi (v5) versiyasida yaratilgan.
“1976-yilgi Mohishwa uchar mashinasi, foydalanish uchun taqdim etilgan ilk uchar mashina, Yaponiyada ishlab chiqarilgan. ISHLAMAYDI! Baʼzi ehtiyot qismlari yetishmaydi, qanoti yoʻq. Mexaniklar uchun yangi loyiha sifatida ishlatish mumkin. Mazkur Mohishwa qismlarini topish juda qiyin”, — deyiladi reklama izohida.
Lea qilgan hazilini tan oldi, biroq bu paytga kelib eʼlon 25 000 dan ortiq koʻrishlar, 1000 dan ortiq repost va 500 dan ortiq saqlanishlarni toʻplagan edi.
“Men tasvirni Midjourney AI tasviriy dasturida yaratdim”, deb yozadi Lea. “Eʼlonni joylaganimdan soʻng, nari borsa 3 kishi unga shubhalanib soxta, deb yozdi, biroq qolgan barcha “uchar mashinaga” juda qiziqib qolgandi. Murojaatlar esa juda koʻp va kulgili edi”.
Biroq, kunlarning birida uyqudan uygʻongan Lea elektron pochtasiga Meta loyihalaridan mutlaqo chetlashtirilgani haqida xabar kelganini va Facebook akkaunti butunlay yopilganining guvohi boʻldi.
“Men shu zahotiyoq profilimni tiklash uchun tarmoq administratsiyasiga bloklanish sababini qayta koʻrib chiqishi uchun murojaat yoʻlladim va besh daqiqadan kamroq vaqt ichida akkauntim tiklandi. Albatta, men bundan oʻzimga tegishli xulosa oldim.“ — qoʻshimcha qildi Lea.
“Mazkur voqeaning ijobiy tomoni shundaki, biz internet boʻylab AI tomonidan ishlab chiqilgan soxta rasmlarga uchishimiz ehtimoli yuqori. Lekin, albatta, bu men uchun kulgili boʻldi.“
AI tasvirlarining kuchi
Leaning hazilining ish berishi sababi shunda ediki, uchar mashinalar rostdan ham mavjud, shu sababli odamlar buni haqiqat deb oʻylashgan.Midjurney v5 ning ajoyib xususiyatlari hali ham keng jamoatchilikka toʻliq maʼlum emasligi sababli, Lea kabi prankchilar bunday holatdan foydalanishadi.
Midjourney mahorati aslida unchalik yangilik emas. Misol uchun, oʻzbek influenserlari mazkur SI yordamida Otabek, Kumush va Zaynab obrazlarini generatsiya qilishgan edi. Qani, koʻramiz, tarmoq imkoniyatlaridan insonlar yana qanday maqsadlarda foydalanishar ekan.