Haydovchisiz elektromobil rekord 1,5 million kilometr masofani bosib oʻtdi
Bu haydovchisiz boshqariladigan mashinalar tomonidan amalga oshirilgan ilk rekord natija boʻldi. Sinov natijalari va raqamlar ijobiy boʻlsa-da, ular atrofidagi bahslarga nuqta qoʻyish uchun hali erta...
Dunyo avtosanoatida sodir boʻlayotgan soʻnggi yangiliklar sunʼiy intellektlar ortidan yana bir mavzu texnologik davrni boshlab berayotganiga ishora qilayotgan boʻlsa, ajab emas. Gap aynan haydovchisiz boshqariladigan avtomobillar haqida ketmoqda. General Motorsʼga tegishli Cruise kompaniyasining avtopilot elektromobillari sinovi 2021-yil noyabr oyida San-Fransiskoda boshlangan edi.
General Motorsʼga tegishli Cruise kompaniyasining elektromobillari mutlaqo haydovchi yordamisiz avtopilotda taxminan 1 600 000 km masofani bosib oʻtdi.
Oxirgi maʼlumotlarga koʻra, avvaliga 30 ga yaqin elektromobillar test qilingan, sentyabr oyiga kelib esa, 100 ta model San-Fransisko koʻchalarini changitdi.
Test uchun San-Fransisko tanlangani ham bejiz emas. Bu haqida Cruise loyihalash boʻyicha bosh vitse-prezidenti Mo Elshenavi bu santimetrlarning har biri “Cruiseʼni yanada yaxshiroq qilish uchun xizmat qiluvchi holatlarga boy”ligini taʼkidlagan. Zero San-Fransiskoning tartibsiz va odamlar bilan gavjum koʻchalari texnologiyalarni turli vaziyat hamda sharoitlarga moslashtirish uchun kompaniyaga foydali maʼlumotlarni hatto keragidan ortiq darajada koʻp toʻplashda qoʻl kelgan.
Sinov natijalari yaxshi, biroq..
Shu tariqa GM kompaniyasining avtopilot elektromobillari rekord natijada 1,5 mln dan ortiq masofani bosib oʻtdi. Mazkur raqamning eʼtiborli jihati ham uning bir rusumdagi haydovchisiz boshqariladigan avtomobil tomonidan amalga oshirilganida. Hozircha mazkur sinovlar xulosasi nisbatan ijobiy boʻlmoqda.
Haydovchisiz boshqariladigan avtomobillar mavzusi hozirda bahsli boʻlmoqda. Bunga sabab texnologiyaning yoʻlovchilarga nisbatan xavfsizlik darajasi toʻliq ishonchli emas. Bunga misol qilib Dawn Project kompaniyasi Tesla haydovchisiz boshqariladigan mashinasiga qarshi anti reklamasini olish mumkin. Animatsion videoda mashina yoʻl boʻylab turli qoidabuzarliklar sodir etgani, yoʻlovchilarni urib ketgani tasvirlangan.
Shuningdek, oldinroq aytib oʻtganimizdek, ayni paytda Qoʻshma Shtatlar boʻylab oʻndan oshiq kompaniyalar haydovchisiz avtomatik boshqariladigan avtomobil vositalarini ishlab chiqishmoqda. Shulardan biri, Zoox kompaniyasi ham oʻz “tosteromobilini” muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazganiga qaramasdan, ularni ommaviy foydalanishga chiqarish uchun tegishli tashkilotlar ruxsatini olishda munozarali holatlarga duch kelgandi. Chunki hozircha bunday avtomobillarning ommaviy foydalanish uchun mutlaqo xavfsizligi isbotlanmagan.
Cruise kompaniyasi elektromobillar sonini 5000 taga yetkazishni rejalashtirmoqda, ammo San-Fransisko rasmiylari bunga biroz qarshi. The New York Times soʻnggi hisobotida taʼkidlaganidek, toʻxtab qolgan Cruise elektromobillari San-Fransiskoda oʻtmishda bir necha bor tirbandlikka sabab boʻlgan. Rasmiylarning fikriga koʻra, kompaniya kengayishdan oldin oʻz texnologiyalarini sezilarli darajada yaxshilashi kerak, aks holda favqulodda vaziyatlar koʻpayishi mumkin.