Amazon Zoox robotaksisini taqdim qildi. Yangi "tosteromobil" qonunchilikni buzmoqda
Amazon kompaniyasining Zoox avtomobilini eng birinchi haydovchisiz boshqariladigan mashina, deb hisoblashadi. Toster koʻrinishidagi mazkur robotaksi rul va pedalsiz boshqariladi.
Amazonʼning avtonom transport ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Zoox kompaniyasi toster koʻrinishidagi haydovchisiz avtomobilni sinovdan oʻtkazmoqda. Pedal va boshqaruv ruli yoʻq transport Kaliforniya shtati aholisiga xizmat qilish uchun ishlab chiqilgan.
Kompaniya mazkur texnologiyani “hech qanday qoʻl boshqaruvisiz ishlab chiqilgan tarixdagi ilk robotaksi”, deb atadi.
Ayni paytda Qoʻshma Shtatlar boʻylab oʻndan oshiq kompaniyalar haydovchisiz avtomatik boshqariladigan avtomobil vositalarini ishlab chiqishmoqda. Garchi Zoox texnologiyani moliyalashtirish borasida Waymo va Cruise kabi raqiblaridan ortda qolayotgan boʻlsa-da, yoʻllarga yangi turdagi transport vositalarini olib kirish boʻyicha ilgarilab ketmoqda — “tosteromobilni” noanʼanaviy boshqaruvga ega, tom maʼnoda zamonaviy mashina, deb atash mumkin.
Ammo Zoox kompaniyasining maxsus ishlab chiqarilgan robot taksisi avtomatik ravishda istalgan manzilga qarab ketolmaydi. Uning maksimal tezligi soatiga 40 milya bilan cheklangan boʻlib, faqat shanba va yakshanba kunlari kunduzi xizmat qiladi, yomon ob-havo sharoitida haydash mumkin emas.
Biroq Zoox ayni paytda holatga ijobiy baho bermoqda — kompaniya asoschisi va texnik direktori Jessi Levinsonning Redditʼdagi xabari shundan dalolat beradi.
Levinsonning soʻzlariga koʻra, Zoox avtomobili yoʻlovchilar bilan ochiq yoʻllarda ikki millik halqani “oʻnlab marta” bosib oʻtgan. “Bizning mashinamiz haydash paytida hech qachon tiqilib qolmagan, toʻxtamagan yoki hech qanday muammoga duch kelmagan”, deb yozdi u.
Oldinroq Volkswagen va Ford tomonidan ishlab chiqilgan Argo AI haydovchisiz avtomobili investitsiya jalb qilishdagi muammolar tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi.
Levinson, shuningdek, Google besh yilcha oldin ochiq yoʻllarda oʻzining maxsus ishlab chiqarilgan Firefly mashinasida yoʻlovchilarni tashiganini eslatib oʻtib, mazkur texnologiyasi birinchi emasligi haqida kamtarona taʼkidlab ketgan.
Birinchi marta 2020-yilda taqdim etilgan Zoox avtomobili hozirda Sietl, Las-Vegas va koʻrfazga yaqin hududlarda sinovdan oʻtkazildi.
Zoox oʻzining avtonom avtomobillarini ishlab chiqayotgan kam sonli kompaniyalardan biridir. General Motors tarkibidagi korxonalardan biri — Cruise mazkur yil oxirida Origin avtomobilini ommaviy ishlab chiqarishni boshlashi kutilmoqda.
Federal Avtotransport xavfsizligi standartlari (FMVSS) transport vositalaridan rul va pedallar kabi anʼanaviy boshqaruv vositalariga ega boʻlishini talab qiladi. Cruise va Nuro kabi boshqaruv vositalarisiz avtomobil ishlab chiqarayotgan kompaniyalar hukumatga ushbu qoidalarga vaqtinchalik istisnolar kiritishni soʻrab murojaat qildi.
Maʼlumot uchun, Dawn Project kompaniyasi Tesla haydovchisiz boshqariladigan mashinasiga qarshi anti reklama taqdim qildi. Animatsion videoda mashina yoʻl boʻylab turli qonunbuzarliklar sodir etgani, yoʻlovchilarni urib ketgani tasvirlangan. Videoni tomosha qilish: https://t.me/giglinkuz/50
Biroq, Zoox oʻz transport vositalarining joriy xavfsizlik standartlariga javob berishini va imtiyozlarga muhtoj emasligini daʼvo qilmoqda:
“Biz avval boshdan FMVSS talablariga javob beradigan transport vositasi yaratishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻygan edik”, — deb yozgan kompaniya 2022-yil iyul oyidagi blog postida. “Biz hech bir oʻzgartirish yoki istisnolar uchun soʻrovlarsiz, mustaqil sertifikatlashni reja qilganmiz”.
Milliy Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi Zooxʼning ushbu daʼvolarini koʻrib chiqayotgani, ammo kompaniya istisno uchun soʻrov yuborishi kerakmi yoki yoʻqmi hali aniq emas, dedi matbuot kotibi:
“Milliy avtomobil yoʻllari harakati xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) Zoox mustaqil ravishda maxsus avtomashinasini barcha tegishli federal avtomobil xavfsizligi standartlariga javob berishi toʻgʻrisida oʻziga-oʻzi sertifikat berganini biladi. Agentlik ushbu oʻz-oʻzini sertifikatlash daʼvolari uchun asoslarni baholamoqda va ushbu holat yuzasidan oldin kompaniyaga berilgan savollarning javobini oʻrganib chiqmoqda.
Agar transport vositalari barcha tegishli FMVSS talablariga javob bermasa, ular odatda umumiy foydalanishdagi yoʻllarda ishlash uchun NHTSA tomonidan taʼqiqlanishi kerak".
Zoox matbuot kotibi esa, NHTSA bayonotiga izoh berishdan bosh tortgan.