Yandexʼdan “shedevr”: matnli soʻrovlar asosida tasvir yaratadigan neyrotarmoq ishlab chiqildi
Yandex kompaniyasi rus va ingliz tillarida rasm generatsiya qiladigan yangi sunʼiy intellekt ishlab chiqdi. Shedevrum 0.1.4 beta-versiyasidan siz ham foydalanib koʻrishingiz mumkin. Faqat natijalarni “shedevr” boʻladi deb qattiq ishonib qolmang…
Shedevrum deb nomlangan neyron tarmoq 0.1.4 beta-versiyasini iOS va Android qurilmalarga yuklab olish mumkin. ChatGPT “hamkasbi” rus va ingliz tillarini tushunadi, mashhur rassomlarga taqlid qila oladi, turli badiiy uslublarda ishlaydi. Taʼrif qanchalik batafsil boʻlsa, natija shunchalik aniq boʻladi, deydi Yandex mahsuloti tafsilotida.
Matn soʻrovini kiritganingizdan soʻng, xuddi Midjourney kabi toʻrtta natija variantini taklif qiladi. Oʻzingizga yoqqanini saqlashingiz yoki uni lentada ulashishingiz mumkin. Ikkinchisida siz boshqa foydalanuvchilarning natijalarini koʻrishingiz va like bosishingiz hamda share qilolasiz.
Neyron tarmoq kaskadli diffuziya usulida tasvirlarni hosil qiladi: birinchidan, soʻrovga muvofiq tasvirlar yaratadi, soʻngra ularning sifatini asta-sekin oshiradi va tafsilotlarni qoʻshadi.
Ishlab chiquvchilar beta-sinov uchun generativ modelning birinchi versiyasini matn tavsiflari bilan 240 million rasm tayyorlab oʻrgatishdi. Kompaniya taʼkidlashicha, hozirda yana 500 million tasvir soʻrovi berilib sinovdan oʻtkazilmoqda va kelgusi versiyalarida sifat yanada yaxshilanadi.
Birinchi foydalanuvchilar avtomatik ravishda tarmoqqa kirish huquqiga ega boʻladilar. Ular sonining oʻsishi bilan ariza tizimi orqali kiriladi — yangi foydalanuvchilar arizalari tasdiqlangandan soʻng tarmoqqa kiritiladi.
Oldinroq Midjourney Amir Temur tavallud topgan kun arafasida 1402-yil Anqara yaqinida bo‘lib o‘tgan jang sahnasi qayta tiklagan edi.