Xiaomi dunyoning avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar TOP beshligiga kirmoqchi
Yirik maishiy texnika ishlab chiqaruvchi kompaniyaga avtosanoatda birinchi boʻlishi uchun Tesla toʻsqinlik qilgan.
Xiaomi kompaniyasining avtomobil ishlab chiqarishga qiziqayotgani va ayni paytda ilk model sinov bosqichida ekanligi haqida xabar bergan edik.
Maʼlumot uchun, Xitoyning eng yirik maishiy texnika ishlab chiqaruvchilaridan hisoblangan Xiaomi kompaniyasi 2010-yildan beri faoliyat yuritib keladi. Kompaniyaning avtomobil ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi Xiaomi Auto zavodi qurilishi 2022-yildan boshlangan.
Kompaniya direktori va asoschisi Ley Szyun bor eʼtibor va resurslarini avtomobil ishlab chiqarishga qaratgan. U yaqinda kompaniyani dunyoning avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalari TOP beshligiga kiritishni maqsad qilganini maʼlum qildi. Bunga keyingi 15-20 yilda erishish reja qilinmoqda va Xiaomi barcha online/offline manbalarni shunga qaratadi, Xitoydagi doʻkonlari Xiaomi Auto marketingiga xizmat qiladi.
Ayni paytda kompaniya bozordagi raqiblaridan 6-7 yilga ortda qolmoqda va ilk avtomobilini 2024-yilda taqdim qiladi. Ley Szyun brendning dasturiy taʼminot va mijozlar bilan ishlashdagi ulkan tajribasi avtomobil sanoatidagi boʻshliqni qisqa fursatda toʻldirishga imkon beradi. Shuningdek u, soʻnggi yillarda transport sanoatida mahsulotlarning dasturiy qismlari tobora muhim boʻlib borayotganini aytib oʻtgan.
Hozirgi kunda dunyo avto bozorida Volkswagen, Toyota, Mercedes va Ford kabi gigantlar bor. Xiaomi mazkur ishlab chiqaruvchilarni osonlik bilan chetga surishi mumkin edi, biroq Tesla paydo boʻlishi hozircha buning iloji yoʻqligini koʻrsatib berdi.
Oʻtgan yilda Xiaomi 439 mln dollar sarmoya va 2300 nafar xodimni mazkur sohaga yoʻnaltirdi. Hozirda kompaniya 2024-yilga kelib avtomobil sanoatida “boom” qilishga astoydil tayyorlanmoqda.