Taqdimotgacha yetib bormadi: Google Bard qidiruv chat-boti reklamasida xatoga yoʻl qoʻydi
Xatoni ChatGPT yangi raqobatchisi boʻlishi kutilayotgan, chat-bot Bard taqdimotidan bir necha soat oldin sezib qolishgan.
Google 6-fevral kuni Bard chat-boti ishga tushishini maʼlum qilib Twitterʼdagi sahifasida yangi loyiha reklamasini qoldirgan. Tvitda botning ishlashi koʻrsatilgan boʻlib, bot “9-yoshli bolaga “Jeyms Uebb” teleskopining qaysi ixtirosi haqida gapirib bersam boʻladi?” savoliga bir nechta javoblar bergan. Ular orasida botning “teleskop Quyosh sistemasidan tashqarida sayyoraning ilk suratini olgan” mazmunidagi javobi ham bor.
Bu xato maʼlumot boʻlib, ekzoplanetning ilk tasvirlarini 2004-yilda Very Large Telescope orqali olingan, deb yozadi Reuters nashri.
2 kun oʻtib, 8-fevral kuni Google yangi loyihasi taqdimotini oʻtkazdi. Taqdimotda yangilangan tarjimon, “multi-qidiruv” va Bard chat-boti namoyish qilindi. Tadbir haqida, kompaniya taqdimotida “aytarli hech qanday yangilik koʻrmadik”, yozgan The Verge nashri.
Shundan soʻng, oʻz navbatida, kompaniya aksiyalari 7,4% ga quladi.
Ma'lumot uchun, oldinroq Google kompaniyasi ChatGPT bilan bellashish uchun yangi loyihasini ishga tushirishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edik.