ChatGPT Google kompaniyasining 183 000 dollarlik maosh toʻlanadigan muhandislik suhbatidan oʻtdi
Kompaniya dasturchilari bir nechta AI loyihalari, shu jumladan, ChatGPTʼni ham sinovdan oʻtkazishdi. Bunda qidiruv tizimiga sunʼiy intellektni tatbiq etish qanchalik maqsadli boʻlishi aniqlanishi lozim edi.
Google kompaniyasi ChatGPT neyrotarmogʻining muvaffaqiyatlaridan xavotirda ekanligi haqida maʼlum qilgan edik. Ayni damda kompaniya sunʼiy idrok sohasiga bor eʼtiborini qaratgan.
Google chat botlarni sinovdan o'tkazishda ularga kod yozish boʻyicha suhbatdan oʻtish vazifasini qoʻydi. Natijada maʼlum boʻlishicha, ChatGPT “bilim darajasi” III darajali, yiliga 183 ming dollar maosh oladigan muhandis vakansiyasiga mos tushar ekan.
“ChatGPTʼning L3 pozitsiyasi uchun suhbatdan oʻtgani hayron qolishga arziydi”.
Texnik savollarga qoyilmaqom javob berolgani bilan ChatGPT ishlayotgan xodimlar, aniqrogʻi inson omilining oʻrnini bosa olmaydi. Gap shundaki, loyiha ijodiy fikrlash borasida inson omiliga teng kela olmaydi, shuningdek, tanqidiy fikrlash hamda kreativlik borasida ham anchagina oqsaydi.
Oʻz navbatida, chat bot inson ijodkorligi va muammolarni hal qila olish qobiliyatining oʻrnini bosa olmasligini taʼkidlagan.
“Albatta, ChatGPT dasturchi-muhandislar oʻrnini bosa olmaydi. U — maʼlum bir vazifalarni bajara oladigan instrument xolos. Ijodkorlik, muammoga har taraflama yondashish va dasturchi-muhandisning tanqidiy qobiliyatlariga bogʻliq amallarni bajara olmaydi. Bundan tashqari, ChatGPT koʻngildagidek ishlashi uchun inson nazorati talab qilinadi”, — maʼlum qilgan chat botning oʻzi.
Shunday qilib, chat bot texnik savollarda yaxshi natija koʻrsatsa ham, u doimiy inson nazorati va boshqaruviga muhtoj.